Toshkent shahar Shayxontohur tumani hokimi Bahodir G`oyibnazarov “Tinchlik” mahallasida istiqomat qiluvchi temirchi Shoahmad Shomahmudovning urush yillarida asrab olgan ukrainalik qizi — Olga-Holida xonadoniga tashrif buyurib, aya holidan xabar oldi. Bu haqda O`zA xabar bermoqda.
"Xolida aya hazil-mutoyibaga juda moyil ekan. Hokimga qarab: “Shuncha kishi ko`rishga keladi, lekin hech kim bitta qo`y etaklab kelmaydi, deb kuldi", - deyilgan xabarda.
Shunda hokim bitta qo`y olib kelishga va`da bergan.
Shuningdek, Xolida aya Do`stlik bog`ida Shomahmudovlar oilasiga haykal o`rnatish ishlari olib borilayotganidan behad xursandligini aytdi.
Urush yillarida harbiy harakatlar qurshovida qolgan hududlardan O`zbekistonga ko`chirib kelingan minglab bolalar qatorida Timonina Olga Genadievna ham bo`lgan ekan. Ota-onasi – temirchi Shoahmad Shomahmudov va uning ayoli Bahri Akramova unga Xolida ismini qo`yganidan keyin o`z ixtiyori bilan Xolida aya musulmon dinini qabul qilgan ekan.






