Rossiya Federasiyasi Prezidentining «FIFA 2018 – Rossiyada futbol bo`yicha jahon chempionatini o`tkazish davrida xavfsizlikni kuchaytirish chora-tadbirlari to`g`risidagi» Farmoniga muvofiq Rossiya Federasiyasi sub`ektlarining 2018 yil futbol bo`yicha jahon chempionatini o`tkazish bilan bog`liq hududlarida hamda ular atrofida kuchaytirilgan xavfsizlik choralari qo`llaniladi va ushbu hududlar uchun chet el fuqarolarini ro`yxatdan o`tkazish qoidalariga o`zgarishlar kiritiladi. Bu haqda TIV xabar qildi.
Farmonga muvofiq, 2018 yilning 25 mayidan 25 iyuligacha Moskva, Sankt-Peterburg, Volgograd, Ekaterinburg, Kazan, Kaliningrad, Nijniy Novgorod, Rostov-na-Donu, Samara, Saransk va Sochi shaharlarida chet el fuqarolarini ro`yxatga qo`yish muddati Rossiyaga kirib kelgan kundan e`tiboran 1 kun qilib belgilandi.
O`zbekiston Respublikasi fuqarolari ushbu o`zgarishlarga alohida e`tibor berishlari zarur, aks holda ya`ni ro`yxatdan o`tish yuqorida ko`rsatilgan muddat ichida amalga oshirilmasa, bu holat ma`muriy qonun buzilishi deb baholanadi va keyinchalik Rossiya Federasiyasi hududiga kirishni ta`qiqlashga olib kelishi mumkin.






