AsosiyJamiyat

Yayra Abdullaeva sehrlangan bolalik, jangohdagi raqs va armonlarsiz kechayotgan hayot haqida

'Yayra Abdullaeva sehrlangan bolalik, jangohdagi raqs va armonlarsiz kechayotgan hayot haqida'ning rasmi

Xotira va qadrlash oddiy so`zlar emas. Bu jumla zamirida Vatanni himoya qilish yo`lida o`limga tik borgan jasorat egalarining taqdiri yotadi. 9 may – Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan urush dahshatlarini o`z ko`zi bilan ko`rgan O`zbekiston xalq artisti Yayra Abdullaeva haqida yozishni joiz topdik. Zero bu ustoz san`atkorning bosib o`tgan umri, ijoddagi yorqin izlari yozishga arziydi.

Ilk tanishuv va hayajon

Qarshingizdagi insonga qaraganingizda birinchi uning ko`zlari e`tiboringizni tortadi. Nigohiga qarab esa qalb holatini bilish qiyin emas. Bugun O`zbekiston xalq artisti Yayra Abdullaeva haqida yozarkan, hayotning achchiq-chuchugi, qiyinchilik va to`siqlarga qaramay u hech qachon irodasini sindirmaganini, mehnat qilishni bilgan, mard ayol ekanini alohida ta`kidlab o`tmasdan ilojim yo`q.

Hozirgi O`zbekiston davlat san`at va madaniyat institutining, san`atshunoslik bo`limi talabasi edim. Teatrga amaliyot o`tashga borganimda Avvalari faqat ekranlarda ko`rishga odatlangan Yayra opani qarshimda ko`rib, davdirab qolganim haligacha esimda. O`shanda, aktrisa o`zining sevimli spektakllaridan biri «Daraxtlar tik turib jon berar» asarining repetisiyasiga kelgan ekan. Teatr faoliyati, spektakllarning sahnalashtirilishini, o`rganish vazifasi bilan yurib, kutilmaganda Yayra Abdullaevani uchratganimdan rosa hayajonlanganman. Bir kunda nechi marotaba ko`rsam ham, «Assalomu alaykum, aya», deb so`rashaverardim. Buni sezgan aktrisa «Qizim, bugun men bilan to`rtinchi bor so`rashishing. Amaliyotga kelganmisan? Qaysi yo`nalishda o`qiysan?» deya so`z boshladi. Gaplarida qat`iyatlik ortidagi mehrni sezganimdan so`ng avvalgi hayajon o`z-o`zidan yo`qolgan...

Yolg`onchi qizaloq

Yayra Abdullaeva o`zini eng baxtli aktrisalar safida, deb biladi. Dadasi Umarjon Abdullaev, onasi Liza Petrosovalar san`atkor edi. Xolalari Tamaraxonim va Gavhar Rahimovalarni o`zbek raqs san`atiga katta hissa qo`shgan insonlar sifatida yaxshi taniymiz. Aktrisa haqiqiy san`atkorlar qo`lida voyaga etgani uchun bolalikdan san`atning sehriga «bemor» bo`lib ulgurgan.

«Bolaligimda juda ko`p yolg`on gapirardim. Turli voqealarni o`ylab topish va uni hayotga reallashtirib odamlarni ishontirish yoqardi. Іozir o`ylab qarasam, bularning barchasi boshqa bir qiyofaga kirishning asosi bo`lgan ekan. Kasb nuqtai nazaridan qaraganda artistizm deyiladi», deydi aktrisaning o`zi. Bu oilani san`at muhiti va musiqasiz tasavvur qilish qiyin bo`lsa kerak. Verdi, Chaykovskiy, Lyan Kavaloni va albatta, o`zbek mumtoz musiqalarini eshitib katta bo`lgan aktrisa bolalikdagi sho`xliklarini quyidagicha eslaydi. «Juda sho`x bo`lganman. Xolam Tamarxonim ishga ketishini kutib turardik. Ketgandan keyin uning sahna liboslarini olib, turli qiyofalarga kirgan holda o`zimizcha spektakl va konsertlar qo`yardik». Yayra Abdullaeva bolaligidan san`atkor bo`lishi aniq edi. Bunga ota-onasi ham qarshilik qilmagan. Qizining kelajagi haqida qayg`urgan ona esa unga doim «Sen odamlar uchun, tomoshabinlar uchun yashashing kerak. Sening har bir qadamingni odamlar kuzatadi, uni o`ylab bos, o`ylab gapir, betgachopar bo`lma», deya ta`kidlagan.

Qora kunlar xotirasi

1944 yil, urushning eng og`ir paytida aktrisa 14 yoshda edi.

— Frontga jo`natish uchun Filarmoniyada 19 ta brigada tuzilgandi. Ular orasida Tamaraxonim va Gavhar Rahimova rahbarligidagi xotin-qizlar ansambli ham bor. Onam Liza ansamblda ham baletmeystr, ham raqqosa edi. Buvimning qaramog`ida edim, lekin u kishi shifoxonaga tushib qolgan. Natijada bitta o`zim qolib ketganman. Shunda xolalarim Tamaraxonim, Gavhar Rahimova «Bir o`zini qoldirmaylik», deb meni ham frontga olib ketishgandi.

Shunday qilib Yayra Abdullaeva urush bo`layotgan deyarli barcha erni kezib chiqqan. Gospitallarda nafaqat konsert bergan, sog`liq va tozalikni saqlash tadbir-choralarida ham ishtirok etgan

— Gospitaldagi bitta vagonda kir yuvish xonasi bo`lardi. Qonga belangan bintlarni yuvardim, yarador askarlarning tirnoqlarini olardim. Urush nimaligini gospitalga kirganda bilar ekan kishi. Polshaga borganimizda bir otxonada sahna o`rnida supacha qurilgandi. Atrofda chamasi 400 tacha odam sig`adigan joy bor edi. Otxona bo`lgani uchun askarlar erga somon to`shab, konsert tomosha qilgandi. 17 soat tinmay tik oyoqda 3 mingta askarga bitta dasturni qayta-qayta qo`yaverardik. Ular «Onajonlar, opa-singillarim, sizlarni yuzingizga boqib, O`zbekistonni ko`rgandek bo`lyapmiz!» deb quvonishardi. O`zbekiston xalq artisti Kommuna Ismoilovaning oyog`i shishib ketgani ham ko`z oldimda. Askarlar ketishidan avval «Singillarim, biz g`alaba bilan qaytamiz!» deya aytishardi.

Bolalikning shirin damlarini «Yurtmiz tinch bo`lsin, halovatda yashagimiz kelyapti», degan o`y, orzu bilan o`tkazganmiz, dahshatli kunlarni ko`rgan Yayra Abdullaeva uchun doim tinch hayotning qadri hamma narsadan ustun bo`lgan.

Teatr va katta hayot

1945 yil urushdan keyingi og`ir sharoitga qaramay, Yayra Abdullaeva hayotining yana bir muhim sahifasi ochildi. O`sha paytlarda qizlarning san`atkor bo`lishiga ota-onalari ruxsat bermay, bu kasbni hamma ham hazm qilolmaydigan sharoit edi. Shundy byuir paytda aktyorlar, tanqidchilar va rejissyorlarni tayyorlaydigan institut ochilishi haqida qaror chiqadi. Oila davraisda Yayra Abdullava shu oliy o`quv yurtida o`qish haqida gap ketadi. Xolasi Gavhar opa bilan institut rektori yoniga kirganda esa u avval maktabni bitirishi kerakligi haqidagi aytishgan. Va u tayyorlov bo`limiga o`qishga qabul qilinadi. Kunduzi oliygohda, kechqurun esa maktabda o`qib, ikki yarim yildan so`ng o`rta maktab atestatini qo`lga olgan. Aktrisa o`sha vaqtlardagi barcha bo`sh vaqtini talabalar bilan birgalikda ommaviy sahnalarda ishtirok etish bilan o`tkazardi. Uning yosh va yorqin qiyofasida joziba va ichki jo`shqinlikni payqagan san`atkorlar mehnatkashligini inobatga olib Erkli Malikova ikkisini 1947 yil teatrga sinovga taklif etishgan. Aktirsaning professional sahnalardagi ilk roli «Don Juan» spektaklidagi Dona Anna roli bo`lgan.

Sevimli aktrisamiz, 19 yoshida oliy ma`lumotli bo`lib teatrga ishga o`tadi. Hayotida yangi bosqich boshlandi. Shaxsiy hayot. Yayra opa bo`lajak turmush o`rtog`i husan Nasimov bilan Tamaraxonimning yubeleyida tanishgan. «Taklif etilgan mehmonlar orasida hushro`y bir ofiser ham bor edi. Gavhar xolam bizni tanishtirgan. Meni uzatish istagida yurgan onam va xolamning niyatlari kutilgandek bo`ldi. To`y qildik, kelin bo`ldim...» deb eslaydi aktrisa o`sha damlarni.

Raqossa, aktrisa, o`qituvchi...

Yayra Abdullaeva turmush o`rtog`ining harbiy faoliyati tufayli Dehqonobodga ketgandan so`ng 4–9 sinf o`qituvchilariga dars bera boshlagan. Uning o`zi bu haqda «Adabiyotni-ku maza qilib o`tardim. Badiiy asarlarni o`qib berganimda esa hamma jim eshitardi. Ammo ona tili murakkab edi. O`zim ham xusnihat va gramatikani o`rganishga kirishdim. Sinfxonalarga kirishdan oldin hayajonlansam ham, o`zimga ishim yoqqani uchun maroq bilan dars o`tardim», deydi. Biroq aktrisaning turmush o`rtog`i uning faoliyatini, uydan ko`chaga chiqishlarini yoqlamadi. Turli kelishmovchilik va janjallar oqibatida muhabbatsiz barpo bo`lgan oila bir yarim yildan keyin buzildi. Aktrisa qizi Anora bilan Toshkentga kelib, teatrga ishga qaytdi.


Ikkinchi tanlov

Uzoq yillik faoliyati davomida Yayra Abdullaeva eng oldi spektakllarning qahramonlariga aylandi. «Yo`lchi yulduz»da, sodda, quvnoq va ko`ngilchang qiz, «Momaqaldiroq» spektaklida isyonkor Katrina, «Xolisxon»da xushfe`l, sevgisiga sadoqatli Xolisxon va «Alisher Navoiy» spektaklida Guli obrazlarni gavdalantirgan. Ana shunday ijodi qaynagan bir paytda shaxsiy hayotida ham o`zgarishlar boshlangan. Iikkinchi bor Mair ismli ozerbayjonlik yigitga turmushga chiqadi. «Tanlovim onamga yoqmagan. Ammo birinchi gal ularga quloq tutgandim. Bunisida qalbimga quloq tutaman, dedim», deydi Yayra aya. Ikkinchi turmushidan o`g`li Taymur tug`ilgan. Turli hayotiy tashvishlar tufayli Bakuga borib, yana teatrga qaytib kelgan. «Turmush o`rtog`im Bakuga borib kelib yurardi. O`g`limni o`zi bilan olib ketar, hatto ba`zida bundan o`zim bexabar qolardim. Bolasini qaerda ekanini bilmagan onaning holatini tasavvur etyapsizmi? Onam «Bunday sharoitda yashash qiyin. Sizlar uchun bola chamadondek bo`lib qoldi. Baku-Toshkent orasida bunday sarson yurishi yaxshilik bilan tugamaydi» degan gaplarining haqiqatligini tan olib, ajrashdim... Va endi boshqa qaytib oila qurmaslikka qaror qilganman», deya eslaydi aktrisa. U qolgan hayotini san`at, teatr va ijodga bag`ishladi...

«Armonlarsiz yashayapman...»

O`zbekiston xalq artisti, «Do`stlik» ordini sohibasi bir xil obrazlarni yotirmaydi. U uchun sahnada turli qarama-qarshiliklarda o`zining insoniy jihatlarini namoyon eta oladigan murakkab qiyofalarni gavdalantirish zarur. «Og`riq tishlar», «Kuyov», «Jonimni ol, jonginam» kabi spektakllaridagi komedik xarakterni ham mahorat bilan ko`rsatib berganini unutmaslik kerak.

Xalqimizning sevimli aktrisasi Yayra Abdullaeva Milliy teatr sahnasida, «Mirzo Ulug`bek» asarida Gavharshodbegimni ham matonat va mahorat bilan gavdalantirdi.

Aktrisa o`zining bosib o`tgan hayotini ko`z oldidan o`tkazar ekan, armonlarsiz yashaganini alohida tilga oladi. Chunki farzandlari, shiringina nevaralari, yaqinlari yonida, ularning hurmat-u e`zozida umr kechiryapti...

Aliya SULAYMANOVA tayyorladi

    Boshqa yangiliklar