AsosiyJamiyat

Ixtisoslashtirilgan maktab-internatida o`ta qo`pol qonun buzilishi holatlari qayd etildi

'Ixtisoslashtirilgan maktab-internatida o`ta qo`pol qonun buzilishi holatlari qayd etildi'ning rasmi

Toshkent viloyati prokuraturasi tomonidan Oqqo`rg`on tumanidagi 78-sonli ixtisoslashtirilgan maktab-internati faoliyati o`rganilib, tekshirilganda o`ta qo`pol qonun buzilishi holatlari qayd etildi. Bu haqda viloyat prokuraturasi axborot xizmati xabar berdi.

Tekshirishda aniqlanishicha, maktab-internat mansabdor shaxslari uzoq yillar davomida “ko`zbo`yamachilikka” yo`l qo`yib, yuqori turuvchi instansiyalarga ta`lim-tarbiya muassasasidagi haqiqiy ahvol haqida noto`g`ri ma`lumot berib kelishgan.

Xususan, tekshirish vaqtida maktab-internatda sanitariya-gigiena qoidalariga umuman rioya qilinmaganligi ma`lum bo`ldi.

Masalan, maktabgacha ta`lim guruhlari uchun alohida yotoqxonalar tashkil etilmagani, yotoqxonada yashovchi bolalarga yuvinish uchun sharoitlar yaratilmagani, hattoki ta`lim muassasasining 33 nafar xodimlari tibbiy ko`rikdan o`tmasdan faoliyat ko`rsatib kelishayotganligi soha rahbarlari mas`uliyatni mutlaqo unutib qo`yishganidan dalolat beradi.

Achinarlisi, ko`p yillardan buyon maktab-internat yotoqxonasida mavjud xojatxona nosoz holda bo`lib, bolalar undan sanitariya-gigiena talablariga zid ravishda foydalanib kelayotganligi hamda zararsizlantiruvchi eritmalar ta`minoti yo`qligi natijasida bir qancha tarbiyalanuvchilar teri-tanosil kasalliklariga chalinganligi barchani tashvishga solishi lozim.

Ta`lim muassasasining mansabdor shaxslari tomonidan ushbu kasalliklarni erta aniqlash va bolalar kasallanishining oldini olish choralari ko`rilmasdan, aksincha, noto`g`ri davolash ishlari o`tkazilib, tibbiy me`yorlarga mos bo`lmagan muolajalar olib borilgan.

Bundan tashqari, muassasada ta`lim-tarbiya ishlari o`z holiga tashlab qo`yilishi oqibatida noma`lum shaxslar tomonidan ta`lim muassasasining 16 yoshga to`lmagan tarbiyalanuvchilari g`ayriijtimoiy xatti-harakatlarga jalb qilingan.

Shuningdek, muassasa rahbariyatining beparvoligi oqibatida ta`lim muassasasining 16 yoshli boshqa bir tarbiyalanuvchisi I.Sokolovning bir yarim oydan buyon dars mashg`ulotlariga qatnashmasdan bedarak yo`qolganligi haqida huquqni muhofaza qiluvchi organlariga xabar berilmagan.

Yuqoridagi holatlar yuzasidan maktab-internat mansabdor shaxslari va boshqa shaxslarga nisbatan O`zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo`zg`atildi.

Dastlabki tergov davomida aniqlangan har bir qonun buzilishi holatiga qonuniy baho berilib, voyaga etmaganlarning huquq va manfaatlarini ta`minlash va aybdor shaxslarni qonunda belgilangan javobgarlikka tortish choralari ta`minlanadi.

    Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

    Boshqa yangiliklar