AsosiyJamiyat

Parijda O`zbekiston kitoblarining taqdimoti o`tkazildi

'Parijda O`zbekiston kitoblarining taqdimoti o`tkazildi'ning rasmi

Fransiyaning tillar va sivilizasiya kutubxonasi Markaziy Osiyo manbalari bo`limiga ega bo`lgan mamlakatdagi yagona madaniy muassasa hisoblanadi. Kutubxonada dunyoning 180 ta mamlakatidan keltirilgan 350 tildagi nodir kitoblar, qo`lyozmalar, ilmiy tadqiqot ishlari saqlanadi.

Dunyodagi istalgan xalqning madaniy saviyasi, kelajak mavqeini o`lchaydigan muhim mezon bor. Qaysiki millat kitobga, kutubxona ishiga e`tibor qaratsa, uning taraqqiylik darajasi oshib boraveradi. Bu – isbot talab qilmaydigan haqiqat. Davlatimiz Rahbari tomonidan mamlakatimizda kitobxonlikka katta e`tibor berilishining sababi ham ana shunda.

Fransiya madaniy doiralarini O`zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko`lamli islohotlar bilan tanishtirish maqsadida Parijda bo`lib turgan bir guruh islomshunos, sharqshunos olimlar Fransiya milliy kutubxonasi, Fransiyaning tillar va sivilizasiya kutubxonasiga tashrif buyurdi.

Tashrifdan ko`zlangan asosiy maqsad kutubxonalar faoliyatini o`rganish, ularda saqlanayotgan buyuk ajdodlarimiz qalamiga mansub nodir asarlar, qo`lyozmalarni tadqiq etishga qaratilgan ishlarni tashkil qilish, o`zaro hamkorlikni yo`lga qo`yishdan iborat.

Ta`kidlash kerakki, Fransiyaning tillar va sivilizasiya kutubxonasi Markaziy Osiyo manbalari bo`limiga ega bo`lgan mamlakatdagi yagona madaniy muassasa hisoblanadi. Kutubxonada dunyoning 180 ta mamlakatidan keltirilgan 350 tildagi nodir kitoblar, qo`lyozmalar, ilmiy tadqiqot ishlari saqlanadi. Har kuni yuzlab talabalar, tadqiqotchilar va xorijlik mehmonlar bu erga tashrif buyurib, o`zlari qiziqqan sohaga oid manbalar bilan tanishadilar.

Kutubxona direktori Benjamin Gisharning so`zlariga ko`ra, so`nggi yillarda Evropada Markaziy Osiyo mintaqasiga bo`lgan qiziqish ortib bormoqda. Shu sababli kutubxona fondini O`zbekistonda nashr etilgan kitoblar bilan to`ldirish ustuvor yo`nalishlardan biri bo`lib turibdi. Fransiyaning tillar va sivilizasiya kutubxonasi rahbariyati bilan joriy yilda O`zbekistonda chop etilgan kitoblar namoyishini tashkil etish, o`zaro mutaxassislar almashish, delegasiyalar tashrifini yo`lga qo`yish bo`yicha dastlabki kelishuvlarga erishildi.

Shu kunning o`zida kutubxonada Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida nashr etilgan 15 ta kitobning taqdimot tadbiri bo`lib o`tdi. “Markaziy Osiyo mamlakatlari ichida O`zbekiston o`zining ilmiy salohiyati, fan va ta`limga e`tibori bilan ajralib turadi. Movarounnahr ulamolari asarlari, xususan, Imom Buxoriyning XVII asrga oid “Sahihi Buxoriy” kitobi, Ibn Sinoning “Tib qonunlari”, Mirzo Ulug`bekning “Ziji jadidi Ko`ragoniy”, Mahmud Zamaxshariyning “Muqaddamatul adab” asari qo`lyozmalari fondimizning chin ma`nodagi xazinasi hisoblanadi. Biz ushbu asarlarni o`rganishda o`zbekistonlik mutaxassislar bilan hamkorlik qilishdan manfaatdormiz”, - deydi Benjamin Gishar.

Shuningdek, 31 million kitob fondiga ega Fransiya milliy kutubxonasida o`tkazilgan suhbat chog`ida O`zbekistondagi Islom sivilizasiyasi markazi, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tadqiqotchi va mutaxassislarining Fransiyada malaka oshirishini tashkil qilish, mamlakatimizning boy tarixiga oid nodir qo`lyozmalarning nusxalarini olish haqida kelishib olindi. Ularning orasida Qur`oni karimning VIII-XI asrlarda kufiy va nasta`liq yozuvlarida ko`chirilgan nusxalari, Imom Buxoriy, Xorazmiy, Beruniy, Farg`oniyning arab va lotin tillarida ko`chirilgan nodir nusxalari mavjud.

Fransiya milliy kutubxonasi rahbariyati “Madaniyat xodimi” dasturi doirasida 2 nafar o`zbekistonlik amaliyotchini qo`lyozmalarga dastlabki ishlov berish va tiklash, shuningdek, qo`lyozmalarni raqamlashtirish mutaxassisliklari bo`yicha qabul qilishga tayyor ekanini ma`lum qildi.

Tashrif davomida erishilgan kelishuvlar, Fransiya nufuzli idoralari rahbarlarining mamlakatimiz haqida, O`zbekiston Prezidenti tomonidan amalga oshirilayotgan islohotlar to`g`risida bildirayotgan ijobiy fikrlari O`zbekistonning xalqaro maydondagi nufuzi tobora yuksalib borayotganidan darak beradi, deb yozadi O`zA.

    Boshqa yangiliklar