AsosiyJamiyat

Bolalarga mo`ljallangan kitoblarning narxi arzonlashadi

'Bolalarga mo`ljallangan kitoblarning narxi arzonlashadi'ning rasmi

Bolalar va o`smirlar adabiyotini nashr etish tizimini yanada takomillashtirish va davlat tomonidan qo`llab-quvvatlash chora-tadbirlari to`g`risidagi Hukumat qarori qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligining "Huquqiy axborot" kanalida ma`lum qilindi.

Qarorga muvofiq ikki oylik muddatda 2018-2022 yillarda bolalar va o`smirlar adabiyotini nashr etish tizimini yanada takomillashtirish va davlat tomonidan qo`llab-quvvatlash bo`yicha quyidagilarni nazarda tutuvchi chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqiladi:

bolalar va o`smirlar uchun mo`ljallangan kitoblarni nashr qilishga ixtisoslashtirilgan nashriyotlarni aniqlash mezonlarini ishlab chiqish, ularni qo`llab-quvvatlash va rivojlantirish;

bolalar va o`smirlar dunyoqarashini kengaytirish, ularni ertangi kunning chinakam qahramonlari sifatida tarbiyalashga qaratilgan asarlar yaratilishini rag`batlantirib borish;

yaratilayotgan yangi asarlarni maktab, akademik lisey va kasb-hunar kollejlari, oliy ta`lim muassasalarida keng targ`ib qilish maqsadida ushbu asarlar mualliflari ishtirokida muntazam ijodiy uchrashuvlar tashkil etish;

bolalar va o`smirlar mavzusida ijod qilayotgan adiblarga “Ijod” jamoat fondi mablag`lari hisobidan aniq ijtimoiy buyurtmalar berish tizimini takomillashtirish;

bolalar va o`smirlar mavzusida ijod qiladigan yosh adib va shoirlarni tarbiyalash, ularning ijod namunalarini chop etib borish.

Xalq ta`limi vazirligiga:

  • umumta`lim maktablari hamda maktabgacha ta`lim muassasalari uchun bolalar va o`smirlarga mo`ljallangan kitoblarni nashr etish kvotalari o`quvchilar (tarbiyalanuvchilar) soni va ehtiyojidan kelib chiqqan holda belgilash;
  • kvotalar asosida bolalar dunyoqarashini kengaytirishga, ularning ma`naviy, intellektual olamini boyitishga qaratilgan, bolalar psixologiyasiga mos adabiyotlarning bosqichma-bosqich chop etilishini ta`minlash topshirildi.

2018-2019 o`quv yilidan boshlab bolalar va o`smirlar o`qishi zarur bo`lgan adabiyotlar ro`yxati shakllantiriladi.

Matbuot va axborot agentligi, “Sharq” nashriyot-matbaa aksiyadorlik kompaniyasiga bolalar va o`smirlar uchun mo`ljallangan adabiyotlarni arzon narxlarda chop etish choralarini ko`rish yuklandi.

Shuningdek, kitob savdosi bilan shug`ullanuvchi tashkilotlar tomonidan hududlarga kitoblarni etkazish bilan bog`liq xarajatlarni hisob-kitob qilishda bolalar va o`smirlarga mo`ljallangan kitoblar narxining asossiz ravishda oshib ketishiga yo`l qo`ymaslik bo`yicha zururiy choralar ko`riladi.

Umumta`lim maktablari, akademik lisey, kasb-hunar kollejlari va oliy ta`lim muassasalarida har oyning oxirgi shanba kunini “Insholar kuni” deb belgilandi. Bunda o`quvchi va talabalar o`zlari o`qigan kitoblari bo`yicha insholar tanlovi tashkil etiladi hamda ularni rag`batlantirish mexanizmi ishlab chiqiladi.

    Boshqa yangiliklar