9 may – Xotira va qadrlash kuni oldidan bir guruh maktab o`quvchilari Buloqboshi tumani Uchtepa mahallasida yashovchi Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi, 95 yoshli Abdug`ani ota G`afforov xonadonida bo`ldi. Ko`ksini orden va medallar bezab turgan otaxon yoshlarga suronli urush yillari xotiralaridan so`zlab berdi:
– 1941 yil kuzda, 18 yoshimda ko`ngilli bo`lib yurt himoyasiga jo`nab ketganman, – deydi Abdug`ani ota. – Ukraina, Belarus, Polshadagi janglarda qatnashib, g`alabani Germaniyada kutib oldim. Urushda ne-ne azobu mashaqqatlar bo`lmadi, deysiz. Eh-he, qancha safdoshlarim ko`z oldimda halok bo`ldi. Hisobini birgina Alloh biladi. Janggohlarda ingrab yotgan yaradorlar, och, yupun, ota-onasiz qolgan bolalar, vayron bo`lgan shaharu qishloqlar xotiramdan o`chmaydi. Ochig`i, shunday kezlarda urushdan sog`-omon qaytishiga hech kim ishonmaydi. Nasiba ekan, bugungiday dorilomon kunlarni ham ko`rdim. Tinch-osoyishta, farovon kunlarning qadriga eting. Yaxshi o`qing, sidqidildan ishlang. Mana shu sizning ulug` ne`matlar qadriga etganingiz bo`ladi.
Darhaqiqat, Abdug`ani otaning hayot yo`li yosh avlod uchun ibrat maktabi. Urushdan so`ng qishloq xo`jaligi sohasida uzoq yillar samarali mehnat qildi. Ayoli bilan 8 farzandni tarbiyalab, el-yurt ishiga kamarbasta insonlar qilib voyaga etkazdi. Bugun 36 nabira, 71 chevara ardog`ida umrguzaronlik qilmoqda. Davlatimiz tomonidan ko`rsatilayotgan g`amxo`rliklardan ko`ngli tog`dek o`sayotganini ta`kidlaydi.

– Inson halol mehnati, ezgu ishlari tufayli el-yurt orasida hurmat-e`tibor topadi, – deydi Abdug`ani ota. – Bugungi yoshlar mana shu hayotiy haqiqatni yaxshi bilishi, hamisha ezgulikka intilib yashashi, yurt ravnaqi, xalq osoyishtaligi uchun fidoyi bo`lishi kerak.






