AsosiyJamiyat

Yana bir guruh Afg`oniston yoshlari Termizga keldi

'Yana bir guruh Afg`oniston yoshlari Termizga keldi'ning rasmi

Surxondaryo viloyatining Termiz tumanida faoliyat yuritayotgan O`zbekiston Respublikasi Oliy va o`rta maxsus ta`lim vazirligi huzuridagi Afg`oniston fuqarolarini o`qitish ta`lim markazida qo`shni davlatdan o`qish istagida kelgan bir guruh yoshlarni tantanali kutib olish marosimi bo`lib o`tdi. Bu haqda O`zA xabar bermoqda.


O`zbekiston Respublikasi Prezidentining Afg`oniston bo`yicha maxsus vakili I.Irgashev, oliy va o`rta maxsus ta`lim vazirining birinchi o`rinbosari D.Nabiev, Afg`oniston Prezidentining MDH va Rossiya davlatlari bilan hamkorlik aloqalarini rivojlantirish bo`yicha maxsus vakili M.Sh.Korgar, O`zbekiston “Temir yo`llari” aksiyadorlik jamiyati boshqaruv raisi o`rinbosari A.Kamolov, O`zbekiston Respublikasi Oliy va o`rta maxsus ta`lim vazirligi huzuridagi Afg`oniston fuqarolarini o`qitish ta`lim markazi talabasi A.Aziziy va boshqalar O`zbekiston bilan Afg`oniston o`rtasidagi hamkorlik, yaqin qo`shnichilik va azaliy do`stlik aloqalari yildan-yilga mustahkamlanib borayotganini alohida ta`kidladi.

3.jpg

Joriy yil mart oyida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev tashabbusi bilan tashkil etilgan “Tinchlik jarayoni, xavfsizlik sohasida hamkorlik va mintaqaviy sheriklik” mavzuidagi Afg`oniston bo`yicha Toshkent xalqaro konferensiyasi Afg`onistonda tinchlik o`rnatish, barqaror rivojlanishni yangi bosqichga ko`tarish istiqbollarini belgilab berdi.

Shu o`rinda aytish lozimki, ikki qo`shni davlat tomonidan yana bir strategik loyihani amalga oshirish taklifi ilgari surilmoqda. Bu o`zbek mutaxassislari barpo etgan va Afg`onistonning tranzit salohiyatini oshirishga xizmat qiladigan Hayraton – Mozori Sharif temir yo`lini Hirotgacha davom ettirish loyihasidir. Bunday ulkan bunyodkorlik ishi ro`yobga chiqarilgach, qo`shni davlatda soha mutaxassislariga katta ehtiyoj paydo bo`ladi.

4.jpg

– Prezidentimiz tashabbusi bilan tashkil etilgan ta`lim muassasasida qo`shni davlat ehtiyojlari inobatga olingan holda, 17 oliy va 16 o`rta maxsus, kasb-hunar ta`limi yo`nalishi o`quv rejalarining modullashtirilgan shakli ishlab chiqilib, qo`shni mamlakat yoshlarining o`zlari tanlagan kasb sirlarini chuqur o`rganishi uchun barcha sharoit yaratilgan, – deydi O`zbekiston Respublikasi Oliy va o`rta maxsus ta`lim vazirligi huzuridagi Afg`oniston fuqarolarini o`qitish ta`lim markazi rahbari O.Ro`ziev. – Ularga mamlakatimiz oliy ta`lim muassasalarining malakali professor-o`qituvchilari saboq bermoqda. O`quv markazida oliy ta`lim muassasalari korporativ tarmog`i orqali “Elektron ta`lim tarmog`i”ga ulanib, O`zbekistonning istalgan oliy ta`lim muassasasi olimlari va mutaxassislari tomonidan videokonferensiya orqali masofadan turib mashg`ulot o`tkazish imkoniyati ham mavjud.

Markazning ko`p qavatli muhtasham o`quv binosi, talabalar turar joyi, axborot-resurs markazi, sport zali va maydonchalari, oshxona afg`onistonlik talabalar uchun xizmat qilmoqda. Binoda kimyo va fizika kabi fanlarni chuqur o`zlashtirish, temir yo`l transporti tizimini puxta o`rganish uchun lingafon xonalari, laboratoriyalar tashkil etilgan. Maishiy, savdo va boshqa xizmatlar ko`rsatadigan shoxobchalar faoliyat yuritmoqda.

6 (1).jpg

Axborot-resurs markazi iqtisodiy-texnik va ijtimoiy-gumanitar yo`nalishlardagi fanlar bo`yicha etarli o`quv va yordamchi darsliklar, badiiy va ijtimoiy-siyosiy adabiyotlar, O`zbekistonda ishlangan 50 dan ortiq badiiy va hujjatli filmlar, audio to`plamlar disklari bilan to`ldirilgan. Elektron kutubxona tizimiga lotin alifbosidagi 700 dan ziyod elektron adabiyot joylashtirilgan.

Ayni paytda o`quv dargohida 96 nafar afg`onistonlik o`g`il-qiz o`zbek tili va adabiyoti mutaxassisligi bo`yicha kasb sirlarini o`rganmoqda.

– Markazda bizning o`zbek tili va adabiyoti o`qituvchisi kasbini chuqur o`rganishimiz uchun etarli qulaylik bor, – deydi Faryob viloyati Andxuy tumanidan o`qishga kelgan Javod Shodmon. – Darsdan bo`sh vaqtimizda turli to`garaklarda ishtirok etyapmiz. Men kompyuter savodxonligi va ingliz tili to`garagiga qatnashib, o`z bilimimni yanada mustahkamlayapman. Afg`onistonda o`zbek tili uchinchi davlat tili sanaladi. Biroq, bu tildan saboq beradigan mutaxassislar juda kam. Bu erda o`qishni tugatgach, Vatanimga borib, yoshlarga o`z ona tilimdan saboq bermoqchiman.

Bu yil markaz yanada kengaytirilib, yozgi oshxona va novvoyxona, hammom va kir yuvish binosini yangidan qurish rejalashtirilgan. 300 o`rinli qo`shimcha yotoqxona barpo etiladi. O`quv-ishlab chiqarish ustaxonasi rekonstruksiya qilinib, yangi bino bunyod etiladi. Afg`onistonlik talaba-yoshlarning o`qishi, kasb o`rganishi, bo`sh vaqtini mazmunli o`tkazishi uchun qo`shimcha sharoitlar yaratiladi.

Bir olam orzular bilan tinch va osoyishta O`zbekistonga kelgan 35 nafar afg`on yoshlari temir yo`l transporti yo`nalishi mutaxassisligi bo`yicha o`qishga qabul qilindi. Ular ikki yil davomida soha sirlarini puxta egallab, malakali mutaxassis bo`lib etishadi.

– Afg`onistonning Shibirg`on shahridanman, – ­deydi 21 yoshli Abdullo Hamidiy.­ – Avvalo, Amudaryo bo`yida bizni hurmat-izzat bilan non-tuz tutqazib kutib olgan o`zbekistonlik va afg`onistonlik talabalarga minnatdorlik bildiramiz. O`zbekistonda temir yo`l tarmog`i bo`yicha o`qib, malakali mutaxassis bo`lish baxti nasib etayotganidan judayam xursandman.

Tadbir ishtirokchilari talabalar uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi. San`atkorlar ishtirokidagi konsert dasturi tadbirga o`zgacha shukuh bag`ishladi

    Boshqa yangiliklar