Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi Abdulla Karimov Samarqand shahridagi Namozgoh mahallasida istiqomat qiladi. Bu yil 94 bahorni qarshi olgan otaxon 18 yoshida frontga ketib, etti yildan so`ng, G`alabadan keyin ham to`rt yil harbiy xizmatda bo`lib, 1949 yilda ona yurtiga qaytib kelgan.
Samarqand davlat universitetida tahsil olib, uzoq yillar shahardagi maktablarda o`quvchilarga o`zbek tili va adabiyoti fanidan dars berdi. Turmush o`rtog`i Xosiyatoy Karimova bilan 7 nafar farzandni tarbiyalab, uyli-joyli qildi.
Bugun farzandlari hamda 60 ga yaqin nevara, evara va chevaralari kamolini ko`rib, tinch-osoyishta kunlarimizga shukrona aytib yashayotgan otaxonning hovlisi har qachongidan gavjum. Mahalla ahli, shahar jamoatchiligi vakillari ushbu fayzli xonadonga kelib, Abdulla boboni Xotira va qadrlash kuni hamda Ikkinchi jahon urushida qozonilgan g`alabaning 73 yilligi bilan tabriklamoqda.
Samarqand viloyati va shahar hokimligi, Markaziy harbiy okrug qo`mondonligi, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari A.Karimov xonadoniga tashrif buyurib, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning sovg`asi va tabrik xatini tantanali ravishda topshirdi, deb yozadi O`zA.
Samarqand shahar hokimi F.Rahimov Abdulla boboning qo`liga davlatimiz rahbarining tuhfasi – oltin soatni taqib qo`yib, tabrik xatini o`qib berdi.
Tabrikdagi “Dunyoni fashizm balosidan asrab qolishga, bugungi yorug` kunlarimizni ta`minlashga hissa qo`shgan Sizdek mard va qahramon yurtdoshimizga butun xalqimiz nomidan chuqur minnatdorlik bildiraman”, degan so`zlar Abdulla boboni to`lqinlantirib yubordi.
– Shu kunlarga etkazganiga shukr, – deydi Abdulla Karimov. – Davlatimizning, Prezidentimizning doimiy e`tiboridamiz. Har kuni uyimizga kelib, hol so`rab turishibdi. O`tgan yil bayram arafasida “Damas” mashinasi olgan edik. Bu yil 5 million so`m pul mukofoti va qimmatbaho sovg`alar topshirishdi. Bunday e`tibordan boshimiz ko`kka etyapti, yoshimizga yosh qo`shilmoqda. Ilohim, yurtimizni yomon ko`zlardan asrasin, osmonimiz doim musaffo, xalqimiz omon bo`lsin!
Samarqand harbiy garnizoni orkestri tomonidan harbiy kuy-qo`shiqlar ijro etildi. O`quvchi-yoshlar otaxonni bayram bilan tabrikladi.
“Nuroniy” jamg`armasi Samarqand viloyati bo`limi ma`lumotlariga ko`ra, Prezidentimizning “Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarini rag`batlantirish to`g`risida”gi farmoniga ko`ra, joriy yilda samarqandlik 97 nafar urush qatnashchisiga 5 million so`mdan pul mukofoti va davlatimiz rahbari sovg`alari topshirilmoqda. Viloyat, tuman, shahar hokimliklari, davlat va jamoat tashkilotlari tomonidan ham urush va mehnat faxriylariga alohida hurmat-ehtirom ko`rsatilmoqda.






