O`zbekistonlik sharqshunos va islomshunos olimlardan iborat delegasiya 2 may kuni Fransiya musulmonlar kengashi faxriy prezidenti, Parij jome masjidi imomi Dalil Bubakr, muftiy Jellul Buzidi bilan uchrashuv o`tkazdi. Bu haqda O`zA xabar bermoqda.
Muloqot chog`ida diniy sohadagi tashabbuslarning mazmun-mohiyati, musulmon hamjamiyatiga etkazadigan foyda va manfaatlari haqida so`z bordi. Qayd etilganidek, O`zbekistonning islom dini asoslarini o`rganishga qaratilgan loyihalari butun musulmon ummatining qiziqishiga sabab bo`lmoqda.
Mehmonlar masjid faoliyati bilan yaqindan tanishdilar. Ta`kidlash kerakki, 1926 yil Parijning Jarden-de-Plant hududida 33 metrlik minoraga ega ilk jome masjidi qurilgan. Sharq me`morchiligining yuksak namunalari asosida barpo qilingan mazkur ibodatgoh musulmon madaniyati bilan tanishish istagidagi minglab fransuzlarning tashrif manziliga aylanib ulgurgan. Ayni vaqtda, masjid Fransiya musulmonlarining har ikkala jahon urushida ko`rsatgan vatanparvarligi, fidoyiligi va tengsiz jasoratining yuksak namunasi sifatida behad qadrlanadi.
Uchrashuvda Fransiya musulmonlarining hayoti, ibodatlari, an`ana va marosimlari haqida so`z bordi. Musulmon ulamolari islom nomidan sodir etilayotgan turli xunrezliklarni qoralashi, bu kabi ko`ngilsizliklarning oldini olish uchun, birinchi galda, yoshlarning ma`rifatini oshirish, dunyoqarashini kengaytirish eng muhim vazifalardan hisoblanishi qayd etildi.
– O`zbekiston vakillarining Parij jome masjidiga tashrifi bizni mamnun etdi, – deydi Parij jome masjidi muftiysi Jellul Buzidi. – O`zbekistondagi yangiliklarni eshitib juda ham quvondik. Xususan, Islom sivilizasiyasi markazi, Xalqaro islom akademiyasi, Imom Buxoriy va Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlarining tashkil etilishini olamshumul ahamiyatga ega tashabbuslar, deb hisoblayman. Bu tabarruk zamindan minglab zabardast allomalar etishib chiqqan. Musulmon dunyosi ular bilan cheksiz faxrlanadi. Yangi markazlar yurtingizda ko`plab olimu fuzalolarning kamolga etishiga, dunyo bo`ylab islom ma`rifatining keng yoyilishiga katta hissa qo`shadi.
Fransiya musulmonlar kengashi faxriy prezidenti Dalil Bubakrning ta`kidlashicha, Fransiya musulmonlarining O`zbekistonga qiziqishi, tabarruk qadamjolarni borib ko`rish istagi tobora ortib bormoqda.
– Biz O`zbekistonda ma`rifiy, bag`rikeng islomni qo`llab-quvvatlash, yoshlarni eng yaxshi an`analar asosida tarbiyalashga qaratilgan islohotlarni qo`llab-quvvatlaymiz. – deydi Dalil Bubakr. – Yaqin oylarda fransiyaliklar delegasiyasining Toshkent, Samarqand va Buxoro kabi shaharlarga sayohatini rejalashtirganmiz. Fransuz musulmonlari uchun Imom Buxoriy, Imom Termiziy maqbaralari, Bahouddin Naqshband majmuasini ziyorat qilish katta orzu.






