Xabaringiz bor, bundan bir necha kun oldin bokschimiz Shohjahon Ergashev xitoylik raqibi Jimin Vangni mag`lubiyatga uchratib, «WBA International» kamarini qo`lga kiritgandi.
Bugun hamyurtimiz Amerika Qo`shma Shtatlaridan Moskva orqali yurtimizga qaytib keldi. Shohjahon Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida tantanali tarzda kutib olindi. Ushbu tadbirda O`zbekiston Milliy olimpiya qo`mitasi, mamlakat professional boks federasiyasi mutasaddilari, sportchining yaqinlari va ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etishdi.
“Vatanimga yorug` yuz va faoliyatimdagi ilk kamar bilan qaytib kelganimdan benihoya mamnunman. Ushbu g`alaba barchamiz, men uchun duoda bo`lgan butun o`zbek xalqining g`alabasi deb bilaman. «WBA International» kamarini esa biz yoshlar uchun beqiyos sharoitlar yaratib berayotgan yurt otasi – muhtaram Prezidentimizga bag`ishlayman. Nasib qilsa bundan keyingi janglarimda navbatdagi g`alabalarim bilan O`zbekistonimiz dovrug`uni dunyoga tanitishda o`z hissamni qo`shaman”, – dedi Shohjaxon Ergashev.
Ma`lumot uchun, Shohjahon professional ringdagi faoliyati davomida 12 ta jang o`tkazgan va ularning barchasida g`alaba qozongan. 11 ta jangda u raqiblarini nokaut evaziga mag`lub etgan.









