Joriy yilning 11 may kuni Toshkent, Samarqand, Andijon, Qarshi va Termiz shaharlarida “Diktant.uz” — yozma savodxonlik bo`yicha aksiya o`tkaziladi. Bu haqda respublika Oliy va o`rta maxsus ta`lim vazirligi xabar qildi.
Aksiya soat 15:00 da bir paytning o`zida Toshkentdagi bir qator oliy o`quv yurtlari va Samarqand, Andijon, Qarshi, Termiz Davlat universitetlarida o`tkaziladi.
Mazkur aksiya Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o`zbek tili va adabiyoti universiteti tashabbusi bilan Oliy va o`rta maxsus ta`lim vazirligi, Axborot texnologiyalari va kommunikasiyalarini rivojlantirish vazirligi huzuridagi "Yagona integrator UZINFOCOM" hamda O`zbekistondagi bir qator universitet, institut, tashkilotlar hamkorligida tashkil etilmoqda.
Aksiyani o`tkazishdan maqsad o`zbek tilining ijtimoiy mavqeini yanada mustahkamlash, o`zbek tilining vorislari sifatida ona tilini asrab-avaylash, uning nufuzini yanada oshirishdir.
"Diktant.uz" aksiyasi aholi o`rtasida o`zbek tiliga nisbatan hurmat hissini kuchaytirish, savodxonlikni barcha uchun umumiy normaga aylantirishga erishish, shuningdek, yoshlarning til madaniyati masalalarida ijtimoiy faolligini oshirish, yozma savodxonlik madaniyatini keng targ`ib qilish, o`zbek tiliga bo`lgan hurmat va qiziqishni yanada oshirish hamda o`zbek tili ta`limini takomillashtirishga qaratilgan ijtimoiy aksiya hisoblanadi.
Unda ishtirok etish yoshi chegaralanmagan bo`lib, o`zbek tilida yozishni biladigan barcha xohlovchilar diktant yozish yo`li orqali imlo savodxonligi bo`yicha o`z bilimlarini tekshirib ko`rish imkoniyatiga ega bo`ladi.
Aksiyada ishtirok etish istagida bo`lgan xohlovchilar "Diktant.uz" saytida oldindan ro`yxatdan o`tishlari maqsadga muvofiqligi bildirilmoqda.






