O`zbekiston Respublikasi Markaziy davlat arxividagi maktublarni imkoniyat darajasida o`qish va ularni mavzularga saralab, e`tiboringizga havola etishda davom etamiz. Ularning orasida urush suronlari, jang holatlari tasvirlangan rasmlarni ham uchratdik. Rangli qalamlarda chizilgan bu holatlar mohir rassom emas, oddiy jangchi qo`li bilan chizilgani bilan ahamiyatli.

Ikkinchi jahon urushi... u o`zining ko`lami bilan ko`plab xalqlar boshiga bitmas, tugamas kulfatlar olib keldi. Qanchadan- qancha yosh umrlar rushnolik ko`rmay xazon bo`ldi. Go`daklar, norasidalar nobud bo`ldi. Shunda ham xalq o`zi och-nahor, yupun kiyimda bo`lsada, mehnat qilib, topgan-tutganini jangchilarga, frontga yuborishdan bir daqiqa ham to`xtagani yo`q. Buni arxivda saqlanayotgan ma`lumotlar, yozishmalar va hisobotlar ham tasdiqlaydi.
Hamma narsa front uchun!!!
1943 yil 25 mart.
I.Komogorov imzosi qo`yilgan hisobot. “Namangan viloyati 6 tonna pomidor qoqi, 1,4 tonna guruch, 30 kilogramm asal, 2,2 tonna quritilgan lavlagi, 4,3 tonna turli mevalarning qoqisi. Samarqand 530.000 rubil, Buxoro 500 kilogramm sabzavot qoqisi, 609 kilogramm turshak, 249ta dastro`mol, 70 juft paypoq”.

Bu kabi mahsulotlar ro`yxati turli viloyatlar misolida deyarli har kuni yurgizilgan.
“Yovni engib, seni ko`rmak tilagim!”
O`zbekiston Respublikasi Markaziy davlat arxivida saqlanayotgan yig`majildlardagi maktublarni ehtiyotlik bilan, avaylab ushlaymiz. Uchburchak, sarg`aygan, rangi uchgan bu maktublarda janggohlar hidi, urush davri odamlari, ularning iztroblarini o`zida aks ettirgan qalb kechinmalari bordek nazarimda.
1942 yil. 28 iyun.
G`arbiy frontdan leytenant Yusupov o`zining dil kechinmalarini, vatan sog`inchini shunday satrlarda bayon etgan:
“O`zbekiston: Alisherning sevgan bog`i gulzori,
O`zbekiston: Hakimzoda bilan birga yashagan.
O`zbekiston: Ozod xalqqa eng sevimli bir vatan,
O`zbekiston: Yovni engib seni ko`rmak tilagim.”

Bir vaqtlar yurtimizda chiqarilgan “Qizil O`zbekiston” (hozirgi “O`zbekiston ovozi”)ga yuborilgan bir sahifa she`rning har bir satrida vatanga muhabbat, sog`inch, dushmanni engishga bo`lgan kuchli ishonch aks etib turibdi.
Eng muhimi, biz o`qigan va o`qishga harakat qilgan maktublarning birortasida o`limdan qo`rqish, qiyinchiliklardan nolish qayd etilmagan. Har bir satrda faqat, faqat g`alaba, dushman yo`lini jon berib bo`lsada to`sish, olis O`zbekiston tinchligini shu erda, dushman qarshisida turib ta`minlash aks etganiga guvoh bo`ldik.
“Obod shaharlarni, vayron etding”
Arxiv fondlarining bosh qo`riqchisi va saqlovchisi Tatyana Fomenko bilan maktublarni ehtiyotlik bilan sinchiklab o`qishda davom etamiz.
1942 yil. 12 avgust.
Tatariston. Elabuga shahridan Abdulxayr Hasanov imzosi bilan yuborilgan xat. Uning qisqacha bayoni shunday.
“O`zbekistondan olisda. Volgabo`yi harbiy okrugida ta`lim olayapman. Hademay, urushga kiramiz. Biz turgan joyga ham urush suronlari, vahimasi gohida eshitilib turibdi. Gitlerdan qanchalar nafratlanishimni...(o`qib bo`lmadi.) she`r yozdim.
Obod shaharlarni,vayron etding,
Ozod xalqlarni sarson aylading.
Chuqurdan o`zinga vayron saylading
Qilmishlaringla o`zinga go`r kovlading.

Abdulxayrning bu satrlarini tanlab oldik. Oddiy qog`oz sahifasi to`ldirib yozilgan she`rda nemislarning tor-mor etilishiga bo`lgan ishonchning juda kuchli ekaniga guvoh bo`lasiz. Tinch zamonlar kelishiga bo`lgan ana shu ishonch balki jangchilarimizni g`alabga ruhlantirgandir. Balki, balki, balki...
Biz uchun yana bir narsa noma`lum. Bu ham bo`lsa, maktublarini o`qiganimiz, dilnomalarini sizga havola etganimiz - bu insonlarga vatanga qaytish baxti nasib etganmi-kan? Ularning keyingi hayot yo`li qanday kechgani bizga qorong`u...
Afsus, bu haqida arxiv ma`lumotlari yig`ilmagan.






