Shavkat Mirziyoev 3 may kuni To`raqo`rg`on tumanidagi Ishoqxon Ibrat majmuasiga tashrif buyurdi, deb xabar bermoqda Prezident matbuot xizmati.
Mazkur majmua davlatimiz rahbari tashabbusi bilan tashkil etilgan, 2017 yil iyul oyidagi tashrif chog`ida ham bu erdagi qurilish ishlari ko`zdan kechirilgan edi.
Ikki gektardan ziyod maydonni egallagan ushbu majmua so`lim bog`, muzey va maktab-internatni o`z ichiga olgan.
Shavkat Mirziyoev Ishoqxon Ibrat nomidagi xorijiy tillarga ixtisoslashgan maktab-internatni kirib ko`rdi.
Prezidentshunday ma`rifatparvar alloma nomi bilan ataluvchi maktab har tomonlama namunali bo`lishi, bir nechta xorijiy tillarni bilgan zamonaviy kadrlarni tarbiyalashi zarurligini ta`kidladi.
«Til bilish bu - boylik. Til bilgan inson dunyoni biladi, hech qachon kam bo`lmaydi. Ota-bobolarimiz shunday bo`lgan, bu bizning qonimizda bor. Yoshlarimizda shunday intilishni uyg`otishimiz kerak», - dedi Shavkat Mirziyoev.
Xorijiy tillar bo`yicha ilmiy ishlar qilish, til o`rgatish metodologiyasini takomillashtirish, maktab-internatda darslarni shu asosda olib borish kerakligi qayd etildi.
Maktabda ingliz, nemis, fransuz, rus, arab, xitoy, koreys tillari filologiyasi o`qitiladi. O`zbekiston davlat jahon tillari universiteti, Toshkent davlat sharqshunoslik instituti, Toshkent davlat o`zbek tili va adabiyoti universiteti bilan hamkorlik yo`lga qo`yiladi. Dars jarayoniga chet ellik ko`ngillilar ham jalb etiladi.
Prezidentimiz Ibrat maktabini a`lo baholarga bitirgan o`g`il-qizlarni oliy o`quv yurtlariga imtihonsiz qabul qilish va grant asosida o`qitish bo`yicha topshiriq berdi.
«Ibrat maktabi nafaqat Namangan viloyati, balki butun mamlakatimizga xizmat qilishi kerak. Bu erdagi sharoitlarni, o`quvchilarning bilimini ko`rib, hamma ota-onalar havas qilsin. Xohlasa, yoshlar boshqa viloyatlardan kelib o`qisin», - dedi Shavkat Mirziyoev.
Davlatimiz rahbari Ishoqxon Ibrat muzeyi bilan tanishdi. Majmuadan o`rin olgan ayvonda viloyat ziyolilari bilan suhbatlashdi.









Ma`lumot uchun: Prezidentimiz bu maktabga alohida e`tibor qaratayotgani bejiz emas. Chunki Ibrat bobomiz dunyoviy bilimlarni chuqur o`rgangan ziyoli bo`lgan, ettita tilni bilgan. “Olti tilli lug`at”, “Xatlar majmui”, “Tarixi Farg`ona”, “Tarixi madaniyat”, “Zamon tarozusi" kabi o`ndan ortiq ilmiy-tarixiy hamda ma`rifiy asarlar yaratgan. 1886 yilda zamonaviy maktab ochgan. 1907 yilda esa yangi “usuli savtiya” maktabini tashkil etib, qishloq bolalarini o`qitgan.
Ishoqxon Ibrat o`lkamizdagi ilk matbaachilardan biri sifatida, 1908 yil Orenburg shahridan litografik mashina sotib olib, uni Orenburgdan Qo`qongacha poezdda, Qo`qondan To`raqo`rg`onga tuyalarga ortib, katta mashaqqatlar bilan olib kelgan va o`z hovlisida “Ishoqiya bosmaxonasi”ni tashkil qilgan. Bu bosmaxona o`tgan asrning 60-yillarigacha faoliyat ko`rsatib kelgan va u erda o`tgan davr mobaynida bir qator ilmiy-ma`rifiy kitob va risolalar, milliy gazetalar chop etilgan, ularni tarqatish uchun Farg`ona vodiysi bo`ylab o`nlab kitob do`konlari tashkil etilgan.






