AsosiyJamiyat

Davlat bojxona qo`mitasi va Davlat soliq qo`mitasi tadbirkorlarga murojaat bilan chiqdi

'Davlat bojxona qo`mitasi va Davlat soliq qo`mitasi tadbirkorlarga murojaat bilan chiqdi'ning rasmi

Ma`lumki, O`zbekiston Respublikasining soliq tizimini isloh qilish Konsepsiyasi loyihasi keng jamoatchilik tomonidan qizg`in kutib olindi.

Loyihada, mahsulot va xizmatlar narxini belgilashga bevosita ta`sir ko`rsatuvchi qo`shimcha qiymat solig`i (QQS) va bojxona to`lovlari stavkalarini o`zgartirilishi nazarda tutilgan.

Shu sabab, aksariyat tadbirkorlar tomonidan xorijdan keltirilgan tovarlarni bojxona rasmiylashtiruvidan o`tkazishni yoki qo`shilgan qiymat solig`iga tortiladigan tovarlarni respublikamizga olib kelishni nomuayyan muddatga to`xtatib turish holatlari kuzatilmoqda.

Ta`kidlash joizki, ushbu o`zgarishlar aks ettirilgan Konsepsiya loyihasi yakuniga etmagan bo`lib, yuridik kuchga ega emas.

Ushbu muhim normani hayotga tatbiq qilish, ya`ni bojxona to`lovlari va soliq stavkalarini o`zgartirish, xisoblash va to`lash muddatlari aniq belgilangan tegishli normativ-huquqiy hujjatlar asosida amalga oshiriladi va buning uchun muayyan muddat talab etiladi.

Shundan kelib chiqib, tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilarini qo`shilgan qiymat solig`i va bojxona to`lovlari stavkalarini o`zgarishini kutmasdan, tadbirkorlik faoliyatini davom ettirishga chaqiramiz.

Qo`shilgan qiymat solig`i va bojxona to`lovlari stavkalarini o`zgartirilishi bilan bog`liq normativ-huquqiy hujjat qabul qilinganidan so`ng, ommaviy axborot vositalari orqali bu haqda xabar beriladi.

Yana bir bor, Bojxona va soliq organlari iqtisodiy-ijtimoiy farovonlik nuqtai nazaridan barcha tadbirkorlik sub`ektlarining qonuniy faoliyatini rivojlantirishdan manfaatdor ekanligini hamda har tomonlama qo`llab-quvvatlashga tayyorligini ma`lum qiladi.

    Boshqa yangiliklar