Dushanbe markaziy ko`chalari to`laligicha «Stareks» rusumidagi eski mikroavtobuslardan tozalandi. 1 maydan boshlab «Stareks» mikroavtobuslarining beshta yo`nalish – № 2, 8, 13, 16 va 25 bo`yicha harakatlari to`xtatildi. Mazkur yo`nalishlar asosiy trassalarining qismi va poytaxtning gavjum ko`chalaridan o`tardi.
Shahar rasmiylarining ma`lum qilishicha, endilikda bu yo`nalishlarga «Sprinter» rusumidagi avtobus va mikroavtobuslar qo`yiladi. «Stareks»lar poytaxtga 10 yil muqaddam olib kelingan edi, biroq salonining torligi va o`rindiqlarining noqulayligi bois ko`plab yo`lovchilarning noroziligiga uchradi. Nuqsonlariga qaramay transportning mazkur vositasi tezkorligi va shahar bo`ylab erkin harakatlana olishi tufayli o`z vaqtida yuqori talabga ega edi.

Poytaxt ma`muriyatining transport bo`limi amaldorlarining aytishicha, ham moddiy, ham ma`nan eskirgan «Stareks»lar borasidagi qaror yo`lovchilar xavfsizligini ta`minlash va shahardagi transport harakatini soddalashtirish maqsadida qabul qilindi.
«Dushanbenakliyotxadamotrason» (Dushanbegortrans) davlat unitar korxonasi vakili Qurbon Xolovning 1 may kuni bergan ma`lumotida aytilishicha, «Stareks»lar shaharning markaziy ko`chalarida tirbandliklarni keltirib chiqargan va xalaqit bera boshlagan.
Shahar rasmiylari yil oxiriga qadar barcha eski mikroavtobuslar yangi avtobus va trolleybuslar bilan almashtirilishiga umid qilishmoqda. Bugungi kunda Dushanbeda 1777ta mikroavtobus, shundan 900ta talab yuqori bo`lgan «Stareks» rusumidagi mikroavtobus harakat qiladi.






