Avstraliyaning Yangi Janubiy Uels shtatidagi Morose kasalxonasi atrofidagi kengurular ularga egulik bermoqchi bo`lgan sayyohlarga bir necha marotaba tan jarohati etkazishdi.
Shtat parlamenti deputati hukumatni Yangi Janubiy Uelsning markaziy sohilidagi kengurularning mehmonlarga nisbatan tajovuziga qarshi rejali chora-tadbirlar ishlab chiqishga chaqirgan. Shuningdek, kenguru tajovuzidan mehmonlarni ogohlantiruvchi turli tillarda yozilgan belgilarni ko`paytirish masalasi ham deputat tomonidan o`rtaga tashlandi.
Hududdagi turoperatorlarning aytishicha, mehmonlar ushbu jonivorga to`g`ri kelmaydigan qovurilgan makkajo`xori, fast fud qoldiqlari bilan doimiy ravishda siylashadi. Sidney hayvonot bog`i mutaxassisining aytishicha, bu turdagi ovqat bilan kengurularni siylash juda zararli ekan. Kengurularning ovqat xazm qilish tizimi ham sigirlarniki kabi bo`lib, ular o`txo`r hayvon hisoblanishadi. Ularga meva yoki sabzovotlarni berish esa oshqozon yarasini keltirib chiqarishi mumkin. Shuningdek, kengurularning shirinlikka moyilligi juda yuqori. Odamlarni ko`rsa ularni egulik manbasi, deb hisoblaydi hamda shirin ovqat ilinjida odamlarga tashlanadi.






