AQSh Prezidenti Germaniya kansleri Angela Merkel bilan Rossiya rahbari Vladimir Putin bilan qanday munosabat o`rnatish kerakligi to`g`risida maslahat so`radi.
Bu haqda “CNN” telekanali Rossiya — AQSh o`rtasida yuqori darajadagi muzokaralarga tayyorgarlik ko`rish bo`yicha olib borilayotgan muhokamalardan xabari bor bo`lgan manbalariga tayanib ma`lum qildi.
Rossiyalik politolog Sergey Markovning fikricha, GFR kansleri bu borada bemalol maslahat bera oladi.
“Merkel Trampga juda ko`p narsalarda maslahat berishi mumkin, zero unda ulkan siyosiy tajriba bor, — deydi ekspert — Axir u 2005 yildan beri hokimiyat tepasida va o`zining amerikalik hamkasbiga qandaydir amaliy narsalarni o`rgatishi, jumladan, Vladimir Putin bilan muloqot qilish bo`yicha tajribasini bo`lishishi mumkin. U toza psixologik nuqtai-nazaridan Putin qanday voqealarga munosabat bildirishini tushuntirishi mumkin”.
Siyosatchining qayd etishicha, davlat rahbarlari o`rtasidagi munosabatda nafaqat maxsus tayyorlanadigan alohida kontekst va zamin, balki etakchilarning psixologik jihatdan bir-biriga mos kelishi, chiqishib ketishi ham muhimdir.
“Masalaning ruhiy tomoni ham bor, — dedi Markov. — Tramp uchun, ayniqsa, bu muhim. Chunki u katta siyosatda hali yangi. Tramp — juda kuchli etakchi, u aslida partiyasiz nomzod sifatida Respublikachilar partiyasi rahbariyati istaklariga qarshi chiqib, Amerikadagi hukmron sinf irodasiga qaramay AQSh Prezidenti bo`ldi va mislsiz ko`tarilishga erishdi. Ya`ni Tramp hayratlanarli darajadagi etakchilikni namoyish etayapti. Bunday sharoitda ikki kuchli rahbar o`rtasidagi muloqotda o`zaro hamkorlik bo`yicha trend juda muhimdir. Shuning uchun Trampga Vladimir Putin bilan bir necha bor uchrashgan Merkelning maslahatlari juda kerak”.
Ekspert Germaniya kansleri rus tilida, Rossiya Prezidenti esa nemis tilida erkin so`zlashi ular o`rtasidagi suhbatda ko`p bor qo`l kelganini eslatib o`tdi.
Markovning fikricha, Tramp va Merkel o`rtasidagi bu boradagi suhbat haqida axborot tarqalib ketgani ijobiy belgidir.
“Bu erda boshqa masala muhimroq va mazmunliroqdir. Agar Tramp Putin bilan munosabat qilish bo`yicha maslahatlashayotgan bo`lsa, demak u Rossiya Prezidenti bilan rostdan ham uchrashishni xohlaydi. Bu shu kabi uchrashuv real rejalashtirilayotganini anglatadi, bunday muzokaralar esa juda foydali bo`ladi”, — deydi siyosatchi.
Biroq Merkel Trampga maslahat bergan-bermagani noma`lumligicha qolayapti.






