"O`zbekiston havo yo`llari" Milliy aviakompaniyasi shu yilning 1 mayidan boshlab Il-114-100 rusumidagi samolyotlardan foydalanishni to`xtatdi. Bu haqda MAK matbuot xizmati xabar bermoqda.
"Joriy yilning 1 mayidan boshlab samolyot parkini unifikasiyalash, parvozlar samaradorligi va rentabelligini oshirish maqsadida aviakompaniya Il-114-100 rusumidagi samolyotlar ekspluatasiyasini to`xtatdi", — deyiladi xabarda.
Xabarga ko`ra, Milliy aviakompaniyaning IL-114-100 samolyotlarini ekspluatasiyadan chiqarish tadbirlari rejasiga muvofiq, aviaparkda mavjud bo`lgan 6ta samolyot sotuvga qo`yiladi.
"MAK rivojlanish strategiyasiga muvofiq, aviaparkini zamonaviy flotga ega aviatashuvchi maqomini ta`minlab beruvchi havo kemalari bilan yangilash dasturini amalga oshirmoqda", — deyiladi xabarda.
Il-114-100 samolyoti uchuvchilari MAK tomonidan ekspluatasiya qilinayotgan Boing va A320 samolyotlariga bosqichma-bosqich qayta o`qitilmoqda.
IL-114-100 samolyotlaridan mahalliy yo`nalishlarda foydalanilgan.






