Koreya Respublikasi prezidenti ma`muriyatining rasmiy vakili Shimoliy va Janubiy Koreya bilan tinchlik bitimi imzolangandan so`ng AQSh qo`shini mamlakatdan chiqib ketishi ehtimolini Mun Chje In rad etganini ma`lum qildi.
Ta`kidlanishicha, Janubiy Koreyada AQSh qurolli kuchlarining qolish yo qolmasligi Shimoliy Koreya bilan tinchlik bitimi imzolanishiga bog`liq emas.
Prezident ma`muriyati vakilining bunday bayonot berishiga avvalroq Mun Chje maslahatchilaridan birining “Foreign Affairs” jurnaliga bergan intervyusi sabab bo`ldi. Maslahatchi Shimol va Janub o`rtasida tinchlik bitimi imzolansa, bundan keyin AQSh qo`shinining mamlakatda qolishini oqlash qiyin bo`ladi, degan mulohazani bildirgan.
“Yonhap” agentligi esa Janubiy Koreyadagi AQSh qurolli kuchlarining keyingi taqdiriga Mun Chje In ma`muriyatining boshqa vakili ham oydinlik kiritganini yozadi. Qayd etilishicha, mamlakatdagi Amerika qo`shini Xitoy, Yaponiya singari yirik kuchlarlar o`rtasida vositachilik rolini o`ynaydi va shuning uchun ham u qoladi
Ma`lumotlarga ko`ra Koreya Respublikasida Qo`shma Shtatlarning 28,5 mingta harbiy xizmatchisi bor.
Eslatib o`tamiz, o`tgan haftada Janubiy va Shimoliy Koreya etakchilari harbiy kuchlardan xoli hudud Pxanmunjom chegara qismida oliy darajada muzokara olib borib, o`zaro tinchlik, Koreya yarim orolini birlashtirish va taraqqiy ettirishga bag`ishlangan Pxanmunjom deklarasiyasini imzoladi. Mazkur hujjatga muvofiq endilikda, Koreya yarim orolini yadroquroldan holi hududga aylantirish ikki davlatning umumiy maqsadi sanaladi va u bosqichma-bosqich amalga oshiriladi. Koreya yarim orolida hech qachon urush bo`lmaydi. Janub va Shimol bir-biriga har qanday dushmanona harakatni to`xtatadi. Ikkala tomon oliy va boshqa darajadagi faol muzokaralarga doim kirishadi. Janubiy va Shimoliy Koreya temir yo`llari birlashtiriladi.
02.05.2018 06:16
OAV: AQSh qurolli kuchlari Janubiy Koreyadan ketmaydi






