Qashqadaryo viloyatining Shahrisabz tumani qishlog`ida yashovchi Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi G`affor bobo Sattorov bu yil 98 yoshga to`ldi. Yuzlaridan nur yog`ilib turgan otaxon qo`llarini duoga ochar ekan, mana shunday yorug` kunlarga etkazganiga shukrona keltirdi.
– Yaratganga behisob shukr, tinch-osoyishta yurtda yashayapmiz, – deydi G`affor bobo. – Yaqinda Yurtboshimizning urush qatnashchilarini rag`batlantirish to`g`risidagi farmonini eshitib, ichimdan bir tug`yonlar keldi, xursandchilikdan bu. Qancha-qancha yor-birodarlarimiz bu kunlarni ko`rolmay ketdi. Ruhlari shod bo`lsin, ilohim. Endi urush sira qaytmasin. Tinchligimiz abadiy bo`lsin.
G`affor bobo Sattorov umrining 5 yilini o`zi uchun notanish bo`lgan sovuq o`lkalarning o`rmonlarida o`tkazdi, yurt tinchligi, ozodligi uchun qahramonlarcha jang qildi. Ba`zan qattiq yaralandi, lekin jang maydonini tashlab ketmadi. Mard va jasur ekanini takror-takror isbotladi. Ona yurtiga omon qaytdi. Uzoq yillar qishloq xo`jalik sohasida mehnat qildi. Urush keltirgan vayronagarchilik, ocharchilik, qiyinchiliklarni sabot bilan engdi. 8 farzandni tarbiyalab, elga qo`shdi. 
– Tumanimizda 10 nafar urush qatnashchisi yashaydi, – deydi “Nuroniy” jamg`armasi Shahrisabz tumani raisi No``mon Uzoqov. – Ularning holidan muntazam xabar olib turibmiz. Urush qatnashchilarining har biriga ular yashaydigan hududdan bir nafar tibbiyot xodimi biriktirilgan bo`lib, doimiy ravishda tibbiy nazorat olib boriladi. Har yili “Qashqadaryo sohili” sanatoriysida davolanishlari uchun yo`llanma beriladi.






