"Ustyurt geofizika ekspedisiyasi" filiali jamoasi hozirgi kunda Ustyurt kengligi va Orolbo`yi hududlarida xorijiy («Lukoyl», «Eriell») kompaniyalar bilan hamkorlikda tabiiy er osti boyliklarini qidiruv va tadqiq qilish ishlarini olib bormoqda. Yaqinda ular tomonidan pastki Surgil koni ochilib, uni o`zlashtirish bo`yicha ishlar boshlandi, deb yozadi O`zA.
– Surgil koni moydonidagi burg`ilash quduqlaridan shu kungacha 3 ming metrlik chuqurlikkacha yuqorg`i va o`rta yura davri qatlamlaridan gaz va gaz kondensati mahsulotlari olinayotgan edi. Joriy yil boshida quyi Surgil maydonida 3 ming 650 metrlik chuqurlikdan, ya`ni quyi yura davri qatlamlaridan gaz va gaz kondensati mahsulotlarini olish boshlandi, – deydi filial mutaxassisi Maqset Reymov. – Ushbu quyi Surgil konining ochilishi biz uchun yangi yil sovg`asi bo`ldi.
Bu maydonni tayyorlashda seysmik dala partiyasi ishlarining va burg`ilangan quduqlarda otib teshish ishlarini olib boruvchi kon-geofizika partiyasi xodimlarining ishlari ahamiyatli bo`ldi. Ayniqsa, dala partiyasi rahbarlaridan M.Sisenbaev, E.Bekniyazov va I.Kenjaevlarning xizmatlarini alohida ta`kidlash joiz. Bundan oldin ularning fidoyiligi tufayli so`nggi yillarda Arslan, Inom, Qizil-Shal, Sayhun, Besqala konlari ochilgan edi.
So`nggi yillarda mamlakatimizning yonilg`i fondini ko`paytirish yo`llaridan biri bo`lgan neft va gaz geologiyasi sohasiga alohida e`tibor qaratilmoqda. Jumladan, Prezidentimiz tashabbusi bilan Ustyurt neft-gaz mintaqasida geologik-qidiruv ishlarini amalga oshirish bo`yicha tuzilgan dasturga muvofiq, 2018 yilda ushbu mintaqada olib boriladigan ishlarni jadallashtirilib yana 25 joyda qidiruv-izlash ishlari yakunlanadi.
Hozirgi vaqtta shu yo`nalishdagi ishlar boshlab yuborildi va G.Ultepov boshqargan "Ustyurt geofizika ekspedisiyasi" filiali jamoasi Ustyurt kengligi va Orolbo`yi hududlarida ikki dala seysmopartiyasi va bir kon geofizika partiyasi yordamida geofizik izlash ishlarini olib bormoqda.
Hozirgi kunda Ustyurt mintaqasida 4 ming 200 metrgacha chuqurlikda joylashgan quyi yura qatlamlaridan gaz va gaz kondensati mahsulotlarini olish choralari ko`rilmoqda.
02.05.2018 04:26
Orol tubida yangi gaz konlari ko`paymoqda






