AsosiySport

Umid Ahmadjonov Shahram G`iyosovni Tokiodagi Olimpiya o`yinlariga taklif qildi

'Umid Ahmadjonov Shahram G`iyosovni Tokiodagi Olimpiya o`yinlariga taklif qildi'ning rasmi

Bugun, 1 may kuni Rio 2016 Olimpiya o`yinlari kumush medali sohibi, jahon va Osiyo chempioni Shahram G`iyosov Milliy olimpiya qo`mitasiga tashrif buyurdi.

Mashhur bokschimiz ushbu tashrifi davomida Umid Ahmadjonov qabulida bo`ldi. Uchrashuv davomida MOQ rahbari Shahramni 2020 yili Tokioda bo`lib o`tadigan Olimpiya o`yinlarida ko`rmoqchi ekanligi haqida gapirdi.

Uchrashuv yakunlangach Shahram G`iyosov Milliy olimpiya qo`mitasi rasmiy saytiga eksklyuziv intervyu berdi.

— Ayni paytda O`zbekistonda sportchilarga e`tibor kuchaygan. Biz uchun barcha sharoitlar yaratib berilmoqda. O`z navbatida menga ham zarur shart-sharoitlarni yaratib berishga tayyor ekanliklarini ma`lum qilishdi. Rahbariyat sportchilarimizni yangi darajaga ko`tarish niyatida. Bundan biz juda xursandmiz. Chunki, bunday e`tibor har doim ham bo`lavermagan. Endi biz shunga yarasha mehnat qilamiz. Ortimizda butun o`zbek xalqi turganini sezib turamiz. Bu bizga qo`shimcha kuch bag`ishlaydi. Uchrashuv davomida Umid Mahamadjonovich rag`bat haqida gapirib o`tdilar. Endi natija qay darajada yuqori bo`lsa, rag`bat ham shunga yarasha bo`lar ekan.

— Odatda bokschilar professional ringga o`tganidan so`ng ko`pchilikni nazaridan chetda qoladiganidek tasavvur uyg`onadi. Masalan, havaskor boksda Olimpiya o`yinlari yoki jahon chempionatlarida muvaffaqiyatga erishgan sportchilar doimo mutaxassislar, muxlislar, matbuot diqqat markazda turadi. Barcha ularni qo`llab-quvvatlaydi. Ammo, professional boksga o`tganidan so`ng omma fikricha, «u ko`proq pul topish maqsadida horijga jo`nab ketdi» degan tasavvur uyg`onardi. Bugun Umid Mahamadjonovich bilan uchrashgandan so`ng bu borada qarashlar o`zgarganini sezdingizmi?

— O`zgarishlar katta. Biz professional boksga o`tdik. Bilasiz, barcha joyda daraja, saviya turlicha. Masalan, men Jahon va Osiyo chempioni bo`ldim, Olimpiadada kumush medal sohibiga aylandim. Xudoga shukr, havaskor boksda qo`lga kiritilishi mumkin bo`lgan deyarli barcha medallarga sazovor bo`ldim. O`z maqsadimga erishganimdan so`ng menga yangi chaqiruvlar, yangi marralar kerak edi.

Bungacha professional boksda O`zbekistondan mutloq jahon chempioni chiqmagan. Men aynan shuni o`z oldimga maqsad qilib qo`yganman. Shukrki, o`z oldimga qo`ygan maqsadlarimga birma-bir erishib kelyapman. Navbatdagi maqsadim – professional boksda O`zbekistonimiz bayrog`ini ko`tarib, mutloq jahon chempioni bo`lish.

Avvallari, xorijiy mamlakatlarda O`zbekistonni Pokiston, Afg`oniston kabi mamlakatlar bilan adashtirishardi. Hozir esa AQShda o`zbek ekanligimni ko`rib, menga qarab «Rio de-Janeyro?» deyishyapti. Men ham buni tasdiqlayman. Riodagi natijalarimiz sabab bizni shu tarzda taniy boshlashdi. Endi O`zbekiston deganda kuchli-kuchli sportchilar, mutloq jahon chempionlari bor mamlakatni bilishsin.

— Bugungi uchrashuvda, MOQ rahbari sizni Tokiodagi Olimpiya o`yinlariga taklif qildi. Shahsan o`zingizda yana bir marotaba Olimpiadada ishtirok etib, endi kumush emas, oltin medalga ega chiqish orzusi bormi? Umuman bu taklifga qanday munosabat bildirasiz?

— Rostini aytsam Olimpiya o`yinlaridan so`ng darhol professional boksga o`tish niyatim bor edi. Rioda kumush medalni qo`lga kiritganimdan keyin, «Men mag`lub bo`ldim, endi jahon chempionatida oltin medal olishim kerak, keyin prof ringga o`tsam bo`ladi» degan qarorga keldim. Navbatma-navbat Osiyo, keyin Jahon chempionatida oltin medal sohibiga aylandim. Umid aka bilan gaplashib, menda o`zimga bo`lgan ishonch yanada ortdi, dalda, niyat paydo bo`ldi. U kishi meni qo`llab-quvvatlashini ma`lum qildi. Endi men AQShda mahoratimni oshiraman. Bu taklif men uchun baxt desam ham bo`ladi. Riodagi Olimpiya o`yinlaridan so`ng Toshkentga etib kelganimizda yuzaga kelgan muhitni eslasam, yana bir marotaba Olimpiadada ishtirok etish niyati paydo bo`lmoqda (kuladi). Bundan juda xursand bo`ldim va albatta taklifni bajonidil qabul qilaman.

— Bu promouterlik kompaniyasi bilan tuzilgan shartnomangizga mos keladimi?

— Men O`zbekistondan ketishimdan oldin, MOQ va boks federasiyasida Olimpiya o`yinlarida mendan yana medal kutishlarini aytishdi. Shu sababli, professional shartnomamga Olimpiya o`yinlarida ishtirok etish bandini kiritdim. Osiyo va Jahon chempionatida qatnasha olmayman. Ammo, Olimpiadaning lisenzion musobaqasida ringga chiqib, yo`llanma qo`lga kirita oladigan bo`lsam, Tokioga borish imkoniyati menda bor.

— Navbatdagi rejalaringiz qanday?

— Endi 25 may kuni AQShga jo`nab ketaman. 3,5 yilga viza olib, iyul oyida navbatdagi jangimni o`tkazaman. Hozircha raqibim noma`lum. Promouter, menejerlarim bilan navbatdagi raqiblarni ko`rib chiqyapmiz. Bizda tanlash imkoniyati bor. Menga mos keladigan raqib izlanmoqda.

— Murodjon Ahmadaliev bilan bir jamoadamisizlar?

— Ha, ikkimizning menejerimiz ham, promouterimiz ham bir. Uning hisobida ham ayni paytda ikkita jangdan so`ng ikkita g`alaba bor. Takliflar ham ko`p. Uchinchi jangimiz ham bir kunda o`tkaziladi.

— Shahram, sizni Milliy olimpiya qo`mitasida ko`rib xursand bo`ldik. Faoliyatingizda sizga omad, g`alaba va zafarlar tilab qolamiz. Albatta, o`zingiz yuqorida aytib o`tgan niyatlaringiz amalga oshishiga tilakdoshmiz. Sog` bo`ling!

    Boshqa yangiliklar