Xullas, yaqinda to`y qilmoqchi bo`lgan tanishimiz bilan besh-oltita restoranga bordik. U davlatimiz rahbari aytgani kabi 150 kishilik to`y qilishni rejalashtirgan. Bu ishi bilan yaxshi an`anani mahallamizda boshlab bermoqchi va orttirilgan mablag`ni yoshlarning kelajagi uchun sarflamoqchi edi.
Afsuski, ixcham to`y orzusi rejadagidek bo`lmaydiganga o`xshab turibdi. Chunki qaysi restoranga bormaylik, mehmonlar soni 150 nafar ekanini aytganimizda narxni ikki baravar qimmat qo`ymoqda. Jumladan, ilgari kishi boshiga 60 ming so`mgacha xizmat haqi olgan restoran egasi bu safar har bir kishiga 105 ming so`mdan olishini aytdi. Yana ichimliklaru boshqa talay mahsulotlar to`y egasi hisobidan. Boshqa bir nechta restoranda ham shu ahvol. Qisqasi, to`yga 150 kishi chaqirsangiz ham, 500 kishi chaqirsangiz ham restoran uchun 15-17 million so`m to`lar ekansiz.
Endi o`ylab ko`ring, to`ylarni ixchamlashtirish nima maqsadda amalga oshirilyapti? Odamlarning og`irini engil qilish, yillar davomida yiqqan-terganini bir kunda sovurib yubormaslik, shu pulni oilaning ertasiga yaraydigan biron foydali ishga sarflash ko`zlangan edi. Ammo aftidan, ayrim restoran egalarining bu islohotlar bilan ham, xalqning og`ir-engili bilan ham ishi yo`q.
Shular haqida o`ylab, mahallamizda yangi bir tashabbusni yo`lga qo`ymoqchimiz. Modomiki to`yga 150 nafar mehmon aytilarkan, hech ikkilanmay bu bazmni hovlimizda o`tkazsak bo`ladi. Zahardan qimmat, shovqin-suronli restoran qayoqda-yu, uzoq-yaqin qarindoshlarning bir hovlida jam bo`lgani qayoqda? Agar shu ishni boshlasak, aholining hech bo`lmaganda 20 foizi hovlida to`y o`tkaza boshlasa, o`z-o`zidan restoranlar ham "hovur"idan tushadi.
Fattoh MURODOV,
Baxtiyor HAFIZOV,
Samarqand shahridagi Sharq tongi mahallasi faollari.
Manba: "Zarafshon" gazetasi






