Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 29 dekabrdagi qaroriga asosan, joiriy yilning 1 aprelidan boshlab, suyultirilgan gaz narxi o`rtacha 20 foizga qimmatlashdi.
Aholi uchun xizmatlar aprel oy davomida o`rtacha 2,7 foizga ko`tarilgani iste`mol narxlari indeksi umumiy o`sishiga 0,6 foiz darajada ta`sir etdi. Bu Davlat statistika qo`mitasining 2018 yil aprel oyi uchun O`zbekiston Respublikasi iste`mol sektoridagi inflyasiya darajasi haqidagi ma`lumotida qayd etildi.
Uy-joy kommunal xo`jaligida narx tariflarining ko`tarilishi umumiy iste`mol narxlari indeksi o`sishiga 0,5 foiz darajada ta`sir etishi bilan bir qatorda, jami xizmatlar guruhining o`rtacha o`sish darajasiga katta ta`sir ko`rsatdi.
2018 yil 1 apreldan boshlab Moliya vazirligining qaroriga asosan, Respublikaning barcha hududlarida elektr energiya hamda tabiiy gaz uchun to`lovlarning oshgan narx tariflari joriy qilindi.
O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 29 dekabrdagi “Aholiga kundalik hayotda iste`mol qilish uchun sotiladigan suyultirilgan gazning respublika bo`yicha yagona chakana narxini bosqichma-bosqich joriy etish to`g`risida”gi qaroriga asosan, joiriy yilning 1 aprelidan boshlab, suyultirilgan gaz narxi o`rtacha 20 foizga qimmatlashdi.
Suyultirilgan gaz narxi Qoraqalpog`iston Respublikasi hamda Xorazm viloyatidan tashqari barcha hududlarda qimmatlashdi.
Shuni alohida qayd etish lozimki, Xususiy uy-joy mulkdorlari shirkati to`lovlari mamlakatning beshta – Buxoro, Qashqadaryo, Samarqand, Sirdaryo viloyatlari hamda Toshkent shahri hududida ko`tarildi.
Maishiy chiqindi uchun to`lovlar narxining oshganligi faqatgina Jizzax hamda Navoiy viloyatlarida qayd etilgan.
Sport xizmatlari sohasida umumiy narxlarning oshishi, Toshkent shahar hamda Qashqadaryo viloyatlaridagi sport va sog`lomlashtirish muassasalari, shuningdek, suzish havzasi xizmatlariga oylik obuna to`lovlarining qimmatlashishi natijasida sodir bo`ldi.
Uy jihozlari ta`miri xizmatlari oy davomida o`rtacha 1,9 foiz, uy-joy ta`miri xizmatlari 1,5 foiz, chevarlik xizmatlari 1,4 hamda sartaroshlik va kosmetologiya xizmatlari narxlarining 1,3 foizga ko`tarilishi iste`mol narxlari indeksidagi maishiy xizmatlar narxlari indeksining 1,3 foizga oshishiga zamin yaratdi.
Yo`lovchi tashish xizmatlari narxining oshishi, asosan, havo transporti xizmati tarifilarining o`rtacha 4,9 foizga qimmatlashishi bilan bog`liq. MDH va xalqaro yo`nalishlar bo`yicha parvozlar uchun chiptalar narxi aprel oyida ko`tarilgan bo`lsa, shu bilan birga, mahalliy yo`nalishlarga qatnovchi aviatashuv chiptalari narxining arzonlashishi evroning milliy valyutaga nisbatan qiymatini pasayishi bilan izohlanadi.






