AsosiyDunyo

Yaponiya adliya vaziri “qochoq mahbus” uchun kechirim so`radi

'Yaponiya adliya vaziri “qochoq mahbus” uchun kechirim so`radi'ning rasmi

Polisiya 23 kun ichida jinoyatchini qo`lga tushira olmagani uchun Yaponiya adliya vaziri Yoko Kamikava jamoatchilikdan uzr so`radi.

“Aholi shuncha uzoq muddat xavotirga tushdi, buning uchun uzr so`rayman. Biz tekshiruv olib bormoqdamiz, uning natijasi o`laroq kelgusida bu kabi holatlarning oldi olinadi” degan vazir Yoko Kamikava o`z uzrida.

Uch hafta davomida polisiyaga tutqich bermagan “qochoq mahbus” 27 yoshli Tasuma Xiraodir. U o`g`rilik sodir etgani uchun Mukaisima orolidagi qamoqxonada jazo muddatini o`tayotgan bo`lgan. Ammo, shu yilning 8 aprel sanasida qochib ketadi. Oradan sakkiz soat o`tib u olib qochgan avtomobil qamoqxonadan bir necha o`n kilometr narida topiladi. Qochoq mahbusni qidirishga 15 ming polisiyachi safarbar qilinib, oroldagi yo`llarda kirish-chiqish nazorati o`rnatildi. Maktab va bog`chalar yoniga ham polisiya patruli qo`yildi.

Bu vaqt oralig`ida qochoq mahbus tashlandiq dala hovli tomida yashirinib, vaqti-vaqti bilan o`g`rilik sodir etib turgan bo`lgan. So`ngra Xonsyu oroliga suzib o`tib, o`g`irlangan motosikl bilan Xirosima shahriga etib oladi. Shahardagi kafelarning birida jinoyatchini tanib qolishadi. Va nihoyat polisiya uni qo`lga oldi.

    Boshqa yangiliklar