AsosiyJamiyat

Tashqi reklama sohasi tartibga solinadi

'Tashqi reklama sohasi tartibga solinadi'ning rasmi

QHTBT portalida tashqi reklama sohasidagi faoliyatni tartibga solish chora-tadbirlari loyihasi muhokama qilinmoqda, deb yozadi Norma.

Davlat organlarining vakolatlari aniqlashtiriladi

Tashqi reklama sohasini tartibga solish vazifalari quyidagicha taqsimlanishi taklif etilmoqda:

  • Vazirlar Mahkamasi – aholi punktlari arxitektura qiyofasini hisobga olgan holda tashqi reklama ob`ektlarini joylashtirish tartibini, shu jumladan reklama konstruksiyalari tashqi ko`rinishiga qo`yiladigan asosiy talablarni tasdiqlash, shuningdek mintaqalar bo`yicha tabaqalashtirilgan tashqi reklamani joylashtirish huquqi uchun yig`im miqdorini belgilash;
  • Qurilish vazirligi – tashqi reklama ob`ektlari, shu jumladan reklama konstruksiyalarini qurishda shaharsozlik normalariga rioya etilishini nazorat qilish;
  • Davlat raqobat qo`mitasi – reklama to`g`risidagi qonun hujjatlariga, shu jumladan uning mazmuni va joylashtirilishi talablariga rioya etilishi, shuningdek yig`im va reklama sohasida statistikani umumlashtirish ustidan nazorat qilish;
  • «E-IJRO AUKSION» – ochiq elektron auksionlar o`tkazish vositasida er uchastkalarida tashqi reklama ob`ektlarini qurish huquqini taqdim etish (qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno);
  • tuman (shahar) hokimliklari qurilish organlari va Davlat raqobat qo`mitasi bilan birgalikda – tashqi reklama ob`ektlarini qurish uchun beriladigan er uchastkalari ro`yxatini shakllantirish, shuningdek ularning joylashuv kartalarini (sxemalarini) tuzish va veb-saytlarida e`lon qilish.

Davlat muassasalari binolariga reklamani joylashtirishga ruxsat beriladi

Davlat boshqaruvi organlari va davlat tashkilotlari ularga tegishli binolarni (boshqa mol-mulkni) tashqi reklama uchun taqdim etadilar. Ular bilan reklama tarqatuvchilar va «Ijara markazi» DUK shartnoma tuzadi.

Bunda reklamani joylashtirish uchun ajratilgan umumiy vaqtning kamida 20%i ijtimoiy reklamaga ajratiladi. Ijtimoiy reklamani joylashtirishning eng kam hajmi («Reklama to`g`risida»gi Qonunning 16-moddasi) har bir tashqi reklama ob`ekti bo`yicha hisoblanadi.

«Reklamadan xoli zonalar» tashkil etiladi

Tumanlarda (shaharlarda) «reklamadan xoli zonalar» tashkil etiladi. Ular davlat hokimiyat organlari, madaniy-tarixiy, diniy va tabiatni muhofaza qilish ob`ektlari joylashgan joylarda bo`ladi. Bu haqda aholiga va tadbirkorlik sub`ektlariga xabar qilinadi.

U erda elektron auksionlar yakunlari bo`yicha tashqi reklama ob`ektlarini qurish huquqini olgan va mazkur zonalar infratuzilmasini rivojlantirishga ko`maklashish majburiyatini qabul qilgan investorlargina tijoriy tashqi reklamalarni joylashtirishlari mumkin bo`ladi.

Axloq qoidalariga zid reklamalarga ruxsat berilmaydi

«Toshkent reklama servis» DUK (reklama-axborot faoliyati bo`yicha poytaxt hokimligi komissiyasi ishchi organi – tahr.) tugatiladi. Uning o`rniga «Tasviriy oyina» ijodiy birlashmasining poytaxt filiali ochiladi. Bu tashkilot reklama to`g`risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishi ustidan jamoatchilik nazoratini ta`minlaydi. Asosiysi – tashqi reklamada axloq va ma`naviyatning umum e`tirof etilgan normalariga tajovuz qilinishiga, o`sib kelayotgan avlodga salbiy ta`sir etuvchi destruktiv ma`lumotlar berilishiga yo`l qo`ymaslik.

Birlashma shartnoma asosida ijtimoiy va tijoriy tashqi reklama g`oyasi, mavzusi va eskizlarini ixtiyoriy ekspertizadan o`tkazish bo`yicha xizmatlarni ko`rsatadi.

Reklamani noqonuniy joylashtirganlik uchun jarimalar joriy qilinadi

Tashqi reklama ob`ektlarini (reklama konstruksiyalarini) noqonuniy joylashtirganlik uchun ma`muriy javobgarlikni joriy qilish to`g`risidagi qonun loyihasini ishlab chiqish nazarda tutilmoqda.

Eslatib o`tamiz, hozirgi vaqtda reklama to`g`risidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun (MJTKning 1781-moddasi), pornografik mahsulotlarni (MJTKning 189-moddasi) va zo`ravonlikni yoki shafqatsizlikni targ`ib qiluvchi mahsulotni reklama qilganlik uchun (MJTKning 1891-moddasi) ma`muriy jarimalar amal qilmoqda.

Loyiha o`zgartirilishi, unga qo`shimcha kiritilishi yoki rad etilishi mumkin.

    Boshqa yangiliklar