AsosiyJamiyat

Xolasini tunagan 21 yoshli qizning kirdikorlari oshkor etildi

'Xolasini tunagan 21 yoshli qizning kirdikorlari oshkor etildi 'ning rasmi

2017 yil 7 avgust. Jinoyat ishlaribo`yicha Olmazor tumani sud binosi. Ochiq sud majlisida raislik qiluvchi jinoyat ishlari bo`yicha Shayxontohur tuman sudi sudyasi A.Ergashev, xalq maslahatchilari B.Muslimov va M.Mirxamidovlardan iborat tarkibda, tuman prokurori yordamchisi S.Akilov, sudlanuvchi manfaatlarini himoya qilgan himoyachi A.Xaliqov, jabrlanuvchi K.Daniyorova ishtirokida Baxtiyorova Aziza Baxtiyorovnaga nisbatan1-834/2017-sonli jinoyat ishi ko`rib chiqildi.

U og`ir gunohga qo`l urdi!

Sudlanuvchi Aziza Baxtiyorova 2017 yilning aprel oyi boshlarida Shayxontohur tumani, Gulobod mavzesi, 82-uy, 21 – xonadonga kirib boradi. U avvaldan ushbu xonadonga bemalol kirib, chiqib yurgani bois hech kimda shubha uyg`otmaydi. A.Baxtiyorova yotoqxonadagi sandiq ichini ochib, Daniyorova Klara Baxtiyorovnaga tegishli narxi 5.000.000 so`mlik, og`irligi 25 gramm tilla zanjirni o`g`irlab, voqea joyidan yashirinadi.

Oradan ko`p o`tmay nafs quliga aylangan qiz yana jinoyatga qo`l uradi. 2017 yilning 28 aprel kuni u takroran Shayxontohur tuman, Gulobod mavzesi, 82-uy, 21-xonadonda o`g`irlik qiladi. A.Baxtiyorova yotoqxonadagi sandiq ichini ochib, Doniyorova Klara Baxtiyorovnaga tegishli, narxi 2.500.000 so`mlik, og`irligi 15 gramm tilla zanjir, narxi 3.200.000 so`mlik marvarid ko`zli,mayda brilliant tosh bilan o`ralgan tilla uzuk - zirak to`plami, narxi 1.200.000 so`mlik, og`irligi 7 gramm tilla uzuklarni o`g`irlaydi.

«Aybimga iqrorman...»

Sudlanuvchi Aziza Baxtiyorovaning sud majlisidagi ko`rgazmasidan:

— Klara Doniyorova xolam. Aprel oyining boshlarida men ularnikiga bordim. Eshikni tog`am ochdi. Men unga kiyimim qolib ketganini aytib, ichkariga kirdim. Keyin yotoqxonaga o`tdim, sandiqni ochib, xolamning tilla zanjirini oldim. Aprel oyi oxirlarida yana xolamnikiga bordim. Bu safar yotoqxonadagi sandiqdan og`irligi 15 grammlik tilla zanjir, marvarid ko`zli va mayda brilliant tosh bilan o`ralgan tilla uzuk, zirak to`plami, tilla uzuklarni olib, uydan chiqib ketdim.

Sud majlisidagi so`roqda sudlanuvchi aybiga iqror bo`lib, xolasiga etkazilgan zarar qoplanganligi, jabrlanuvchidan kechirim so`raganini aytib, unga engillik berishlarini so`radi.

Jabrlanuvchi Klara Doniyorovaning sud majlisidagi ko`rgazmasiga asosan, u 2017 yil, 7 may kuni akasining yotoqxonasida turgan o`ziga tegishli sandiqni ochib, narsalarini taxlamoqchi bo`ladi. Sandiqni ochib tilla buyumlarini ko`zdan kechirayotganda og`irligi 25 va 15 grammlik ikkita tilla zanjir, marvarid ko`zli va mayda brilliant toshli tilla uzuk, zirak to`plami hamda bir qancha tilla uzuklari yo`qolganini ko`radi. O`g`irlik sodir etilganiga gumon qilgan ayol IIBga ariza bilan murojaat qilgan. Tergov jarayonida o`g`irlikni K.Doniyorovaning jiyani A.Baxtiyorovasodir etgani aniqlanadi.

Sud majlisida K.Doniyorova unga etkazilgan zarar to`liq qoplanganligi va sudlanuvchiga nisbatan da`vosi yo`qligini bildirib, ko`rgazma beradi.

Birinchisi avf etildi, ammo...

Sud A.Baxtiyorovaga jazo tayinlashda uning aybiga to`liq iqrorligi, qilmishidan chin ko`ngildan pushaymon ekan, yashash joyidan ijobiy tavsiflangani, yoshi, ish bo`yicha jabrlanuvchiga etkazilgan moddiy zarar to`liq qoplanganligi, jabrlanuvchining da`vosi yo`qligi, jabrlanuvchilarning engillik berish haqidagi iltimosi, muqaddam sudlanmagani O`zbekiston Respublikasi JKning 55-moddasiga asosan, jazoni engillashtiruvchi holatlar deb baholandi. Jinoyatni g`arazli yoki boshqacha past niyatlarda sodir etganligi O`zbekiston Respublikasi JKning 56-moddasiga asosan, jazoni og`irlashtiruvchi holat, deb topildi.

Sud Aziza Baxtiyorovani O`zbekiston Respublikasi JK 169-moddasi, 3-qismining «a» bandi bilan aybli, deb topdi va JK 57-moddasini qo`llab, 3 (uch) yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi. JK 62-moddasiga asosan, A.Baxtiyarovaning 22.07.2017 yildan 07.08.2017 yilga qadar dastlabki qamoqda saqlangan har bir kunini ozodlikni cheklash jazosining bir kuniga tenglashtirib hisoblab, uzil-kesil o`tash uchun 2 (ikki) yil 11 (o`n bir) oy 14 (o`n to`rt) kun muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi.

Xalqda shunday maqol bor: «Mis qozonning misi chiqar, berkitganning isi chiqar». Shunisi aniq-ki, o`g`irlikning katta yo kichigi bo`lmaydi va ushbu jinoyat ertami-kechmi fosh bo`ladi. Zero, birovning haqiga ko`z olaytirgan kimsa hech qachon xotirjam hayot kechirmagan!

O`zbekiston Respublikasi Oliy sudi matbuot xizmati

hamda jinoyat ishlari bo`yicha Shayxontohur tumani sudi sudyasi

Akmal Ergashev bilan hamkorlikda tayyorlandi.

    Boshqa yangiliklar