AsosiyShou-biznes

Toshkent Fotosuratlar uyida “O`zbekiston – baxtli bolalar mamlakati” fotoko`rgazmasi ochildi

Ushbu ko`rgazma «Sog`lom bola yili» Davlat dasturi ijrosi doirasida O`zbekiston Badiiy akademiyasi, O`zbekiston Milliy axborot agentligi, Jurnalistlar ijodiy uyushmasi hamkorligida tashkil etildi. «O`zbekiston – baxtli bolalar mamlakati» mavzusidagi fotoko`rgazmadan ko`zlangan asosiy maqsad mamlakatimizda bolalar manfaatlarini ta`minlash, xotin-qizlar faolligini oshirish, aholi farovonligini yuksaltirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar mazmun-mohiyati, bu yo`nalishdagi sa`y-harakatlarning natijalari hamda xalqimizning bunyodkorlik ishlarini yoritib beradigan fotomateriallarni e`lon qilishdan iborat.

Ko`rgazmadan o`rin olgan fotoasarlarda mamlakatimizda ijtimoiy, madaniy-ma`rifiy sohalarda qo`lga kiritilgan olamshumul yutuqlar, har jihatdan sog`lom va barkamol avlodni voyaga etkazish borasida ko`rsatilayotgan e`tibor, yoshlarimizning nufuzli fan olimpiadalari, san`at festivallari, ijodiy-intellektual tanlovlarda erishgan muvaffaqiyatlari ta`sirchan, ayni damda o`ziga xos ijodiy yondashuv asosida yoritib berilgan. Bolalar sporti, musiqa, tasviriy san`atni rivojlantirish, qad rostlayotgan yangi-yangi sport-sog`lomlashtirish majmualari, maktablar, bolalar ijodiyoti markazlari, millatimiz genofondini yanada sog`lomlashtirish, jamiyatimizda kechayotgan ma`naviy yangilanish jarayonlari aks ettirilgan fotosuratlarga ham keng o`rin berilgan.

Bu erda Rustam Sharipov, Abdug`ani Jumaev, Konstantin Minaychenko, Sarvar O`rmonov, A`lo Abdullaev, Otabek Mirsoatov, Yolqin Shamsiddinov, Jamshid Norqobilov, Farhod Abdurasulov, Maqsad Habibullaev, Hasan Paydoev kabi fotoijodkorlarning ishlaridan namunalar tomoshabinlar e`tiboriga havola etilgan.

Vatanimiz mustaqilligining 23 yilligi arafasida ushbu fotoko`rgazma Qoraqalpog`iston Respublikasi va barcha viloyatlarda namoyish etiladi. Bu haqda O`zbekiston Milliy axborot agentligi rasmiy sayti xabar beradi. 

    Boshqa yangiliklar