“O`zbekenergo” Davlat aksiyadorlik kompaniyasi faoliyatini takomillashtirish va iste`mol qilinayotgan elektr energiyasi uchun hisob-kitoblar intizomini mustahkamlash bo`yicha qilinayotgan ishlar haqida” mavzusida matbuot anjumanini o`tkazdi. Bu haqda “O`zbekenergo” Davlat aksiyadorlik kompaniyasi rasmiy sayti xabar bermoqda.
Ushbu anjuman, elektr energiyasining hisobini yuritishni takomillashtirish, to`lovlar intizomini mustahkamlash, ularni o`z vaqtida va to`liq undirish bo`yicha amalga oshirilayotgan ishlar, iste`molchilarga yaratilgan imkoniyatlar va qulayliklarga bag`ishlandi.
Asosiy e`tibor elektr energiyasi to`lovlarini on-line rejimida qabul qilish hamda iste`molchilarning elektr hisoblagich ko`rsatkichlarini SMS orqali kompyuter dasturining bazasiga kiritish ishlariga qaratildi. Natijada, amalga oshirilgan to`lovlar to`g`risida ma`lumotlar iste`molchining hisob varag`iga xatosiz to`g`ri kelib tushishi tizimi yaratildi va hisoblagich ko`rsatkichlarini qayd etish darajasi ortdi.
Bu borada ishlar Toshkent shahrida tizimli tashkil etilgan bo`lib, hozirgi kunda aholi to`lovlarining 70,0 foizdan ortig`i on-line rejimida qabul qilinmoqda.
Bugungi kunda respublika bo`yicha 1 million 822,3 ming maishiy iste`molchilarning mobil telefon raqamlari “Elektrhisob” dasturiy kompleksiga biriktirilgan bo`lib, bu barcha maishiy iste`molchilarning 32,6 foizini tashkil qilayotgan bo`lsa, 2014 yil oxirigacha ushbu ko`rsatgichni 100 foizga etkazish rejalashtirilmoqda. Buning natijasida, aholi iste`molchilari o`zlari tomonidan amalga oshirilgan to`lovlar haqida istalgan vaqtda ma`lumot olish imkoniyatiga ega bo`ladilar, ya`ni hisob-kitoblarning shaffofligi ta`minlanadi.





