Poytaxt aeroportida Toshkent aviasiya transport prokuraturasi bilan hamkorlikda «Terrorizm – insoniyat dushmani» mavzuida davra suhbati o`tkazildi.
Tadbirda so`zga chiqqanlar har qanday tahdid u qaysi ko`rinishda bo`lmasin, mamlakat tinchligi va barqarorligi, insonlar ma`naviyati, sog`ligi va hayotiga katta xavf tug`dirishini alohida ta`kidlashdi.
Shu bilan birga jahon maydoniga chiqayotgan xalqaro terrorizm va ekstremizm, uyushgan jinoyatchilik, narkobiznes kabi xavfsizlikka yangi tahdidlar ham yuzaga kelayotgani, bu esa nafaqat xalqimizga, balki butun insoniyat uchun mudhish balo-qazolar va xavf-xatar keltirishi mumkinligi ham qayd etildi.
Toshkent aviasiya transport prokurori o`rinbosari Sh.Mamajonov mamlakatimizda terrorizm, diniy ekstremizm va narkobiznesga, shuningdek, ma`naviy tubanlik va axloqsizlik kabi illatlarga asoslangan «ommaviy madaniyat», «inson huquqlarini himoya qilish» niqobi ostida kirib kelayotgan zamonaviy tahdidlarga qarshi samarali kurashda o`zaro hamkorlikni yo`lga qo`yish muhim ahamiyatga egaligini qayd etdi. Ayniqsa, yoshlar ongiga diniy ekstremizm, terrorizm g`oyalarini singdirishning oldini olish jamiyatning ustuvor vazifasi hisoblanishi, bu borada 2000 yil 15 dekabrda O`zbekiston Respublikasining «Terrorizmga qarshi kurash to`g`risida»gi Qonuni qabul qilinganini aytib o`tdi.
Bahs-munozaraga boy bo`lgan mazkur yig`ilishda ishtirokchilar loqaydlik sari qo`yilgan birgina qadam ham insonni ma`naviy halokat tomon olib boruvchi yo`l ekanligi bois har lahzada ogoh bo`lishimiz va bunday yovuz kuchlarga qarshi sobitqadamlik bilan kurashish zarurligini e`tirof etdilar.





