Har yili Umumjahon atrof-muhit kunini nishonlashga bag`ishlangan EkoHaftalik doirasida bu yil respublikaning vazirlik va davlat muassasalari, korxonalari, ilm-fan va san`at arboblari, oliy o`quv yurtlari talabalarining faol ishtirokida bir qator qiziqarli tadbirlar o`tkaziladi.
O`zbekiston Respublikasi tabiatni mahofaza qilish Davlat qo`mitasining xabar berishicha, EkoHaftalik 2 iyun kuni Toshkent shahrida boshlanib, O`zbekistonning bir nechta viloyatlarini qamrab oladi va 8 iyun kuni poytaxtda keng ko`lamli yopilish marosimi bilan yakunlanadi.
Hozirgi kundagi jamiyat bir qator umumjahon va mintaqaviy muammolar, jumladan Orol dengizining qurib ketishi, biologik xilmaxillikning kamayib ketishi, qumlanish, suv va er resurslarining tanazzulga uchrashi, sanoat va boshqa turdagi chiqindilarning katta hajmda hosil bo`lishi kabi muammolarga duch kelmoqda. Achinarlisi shuki, insonning o`zi shu muammolarning chigallashishiga sabab bo`lib, o`zi ulardan aziyat chekadi.
Umumjahon atrof-muhit kunining nishonlanishi har kunlik tashvishlar bilan band bo`lgan jamoatchilikning e`tiborini ekologiya va er yuzida hayotni saqlab qolish masalalariga qaratishga mo`ljallangan. Har bir inson atrof-muhit muammolirini hal qilishda o`zining beqiyos o`rnini anglashi, ilhomlanishi va shu maqsadda o`z hissasini qo`shishi zarur. Ma`lumki, insoniyat mustahkam va sog`lom ekologik muhitdagina barqaror ravishda rivojlanishi mumkin.
Ekologiya sohasidagi ta`limni yanada takomillashtirish, jamoatchilik kuchlarini ekologik xavfsizligini mustahkamlashga yo`naltirish maqsadida EkoHaftalik tashkilotchilari, xususan O`zbekiston Respublikasining Tabiatni muhofaza qilish bo`yicha davlat qo`mitasi va BMT Taraqqiyot dasturining O`zbekistondagi Vakolatxonasi tomonidan turli jamoatchilik gurihlariga mo`ljallangan bir qator tadbirlar rejalashtirilgan.
Shunday qilib, EkoHaftalik-2014 dasturida Toshkent shahrida “Inson, jamiyat, ekologiya” deb nomlangan yoshlar konferensiyasi, Namangan viloyatida ekologiya sohasidagi ta`lim bo`yicha seminar-trening, GMPowertainUzbekistan qo`shma korxonasida media va press-safarlar, Jizzax viloyatida tabiiy resurslarni tejash texnologiyalarni hayotga tadbiq etuvchi fermer xo`jaliklariga tashrif, hamda Toshkent, Qarshi va Nukus shaharlarida ilmiy-amaliy konferensiyalar, milliy radiokanallarda energiya jihatdan samarador bo`lgan texnologiyalar borasida radio-viktorinalar va yoshlar ekologik aksiyalar, tanlovlar kabi bir qator tadbirlar tashkillashtirilishi ko`zda tutilgan.
Haftalikning tantanali ochilish marosimi doirasida tashkillashtiriladigan ko`rgazma orqali tadbir ishtirokchilari O`zbekistonda yangilanuvchi energiya manbalari va energiyani tejash, chiqindilarni tasarruf qilish, sanoat va qishloq xo`jaligida tabiiy resurslardan oqilona foydalanish sohasida amalga oshirilayotgan ekologik loyihalar tomonidan erishilgan yutuqlar bilan tanishish hamda tadbirning asosiy jabhalari haqida ma`lumot olish, ommaviy axborot vositalari vakillari esa o`zi qiziqqan savollarga javob olish imkoniga ega bo`ladi.
Aytish joizki, har yili 5 iyun kuni butun jahon bo`ylab nishonlanadigan Umumjahon atrof-muhit kuni BMTning atrof-muhit masalalariga bag`ishlangan Stokgolm konferensiyasi natijalari asosida 1972 yilda tasdiqlangan qaroriga binoan qabul etilgan. Mazkur konferensiyada ilk bora hozirgi va keyingi avlodlar uchun atrof-muhitni qo`riqlash va sog`lomlashtirish butun insoniyatning pirovard vazifasi deb tan olingan.





