Rossiyaning Vladivostok shahrida mikro-kredit bankida ishlayotgan samarqandlik Firuza Rustamova qanday qilib musofirchilik hayotini tanlagani, boshidan o`tgan qiyinchiliklar va o`zining kichik bo`lsa-da g`alabasi haqida Sputnik nashriga so`zlab berdi.
Firuza Rossiyaga kelmasidan avval O`zbekistonda "Erudit" tahririyatida muharrir lavozimida ishlagan.
Musofirchilik boshlanishi
Agar 1,5 yil avval kimdir menga "Ishingni tashlab, Rossiyaga ketasan, hayoting tubdan o`zgarib, musofirchilikni achchik-chuchug`ini tatib ko`rasan", - desa, u insonni telbaga chiqarib ko`yishim mumkin edi. Lekin taqdir ekan, 2017 yilning mart oyida Rossiya Federasiyasining Vladivostok shahriga keldim.
Kichik akam 2010 yildan buyon Vladivostok shahrida ishlab keladi. Gudakligidan ko`tarib katta qilgan jiyanim Bobirjon ham aynan Vladivostok shahrida o`qiydi. 2017 yilning yanvar oyida Samarqand shahridan shaxsiy market ochdik, ammo uni yuritishda tadbirkorlik bilan shug`ullanib yurgan akam bevosita kerakligini anglab, vatanga qaytishga qistay boshladik. Lekin Bobirjon o`qishi sabab Rossiyadan keta olmasligi bizni o`ylantirib qo`ydi. Musofir yurtda jiyanimni yolg`iz qolishini ko`z oldimga keltirgan zahotimoq beihtiyor yo`l tadorigini ko`ra boshladim.Avvaliga uncha sezilmagan ekan, samolyot chiptasi qo`limga tegishi bilan ko`nglim bo`shab yig`lab yubordim. Tug`ilib-o`sgan yurtim, ona shahrim, mahallam, xonadonim ko`zimga juda boshqacha ko`rinib ketgani esimda. Nazarimda bu yurtni tashlab ketsam, qayta ko`rmaydigandek bo`lardim, emin-erkin, o`ynab-kulib katta bo`lgan, kun sayin yashnab, dillarni yayratayotgan yurtimning hayotimda qanchalik muhim ekanligini o`sha damlarda anglab etdim.
Kindik qoni to`kilgan yurt, ona vatan degan tushunchalar zamirida qanchalik teran ma`no borligini o`shanda chuqurroq anglab etganman desam, adashmayman.
Xullas, 2017 yil 5 mart kuni Vladivostok shahriga uchib keldim. Aeroportda kutib olishga chiqqan akam bilan jiyanimni izlab topguncha o`tgan 10 daqiqa vaqt ichida begona yurtda yolg`iz qolish dahshatini his kilishga ulgurdim.
Men 5 mart kuni kelgan bo`lsam, akam 12 mart kuni O`zbekistonga uchib ketdi. Akam bilan birga qaytib ketishni qanchalik istaganimni so`z bilan ta`riflab berishim qiyin. Atigi 1 hafta ichida rus tuprog`i o`z yurtimning zarra gardiga arzimasligini anglab etdim. Lekin oldimdagi mas`uliyat tufayli taqdir hukmiga bo`ysunishdan o`zga ilojim yo`q edi…
Cheklanmagan muddatli ta`til
Bobirjon darsidan bo`sh vaqtida shahar bilan tanishtirish barobarida kerakli hujjatlarimni rasmiylashtirib berdi.Bir tanishimiz sizga ish topdim, deganida quvonganimni ko`rsangiz edi. Bu erda har qadamda Pit-stop (kichik tamaddixona) uchraydi. Ana shu pit-stoplardan biriga ishga kirdim. Kechga yaqin "ishxona"mga kirib kelgan Bobirimning qarashlarini eslasam haligacha kulgim qistaydi:
— Ie, ammajon, bu erda nima qilyapsiz?!
— Ko`rib turibsan-ku, ishlayapman, uyda o`tirganim etar, zerikib ketdim axir…
— Ammajon, bu er siz ishlaydigan joy emas, sizni bunaqa ishda ishlashingizga yo`l qo`ymayman! Yig`ishtiring hamma narsani, ketdik! O`zingizga yarashadigan ish chiqsa ishlarsiz balki, lekin qora ish qilmaysiz! Shu bo`yicha ishlashga qo`ymadi, bolasi tushmagur. Ikki oycha uyda o`tirgach, sekingina gap boshladim:
— Bobirjon, bu nima o`tirish, axir uyda bekor o`tirish uchun kelmaganman-ku, kelgan shuncha musofirlar binoyidek ishlashyapti-yu?!
— Ammajon, sizni bobojonim bilan onajonim (Samarqandda buvijonni "onajon" deyishadi) puf-puflab ko`z ustida ustirishgan, musofirchilikda ishlash siz o`ylaganchalik oson emas. Birovlarning qo`liga qarab mute bo`lib ishlashingizni istamayman! Meni ishlaganim bir sizni boqishga bemalol etadi, o`ylanmasdan bemalol damingizni oling. Samarqandda bearmon ishlaganingiz etar, endi sizga cheklanmagan muddatli "otpusk" belgilangan!
Yo ketaman, yo ish topib berasan
Shu taxlit, oktyabr oyiga qadar majburiy otpusk kabilidagi "uy qamog`i"da o`tirdim desam, adashmayman. Yo ketaman, yo ish topib berasan deb kat`iy shart ko`yganimdan keyin Bobirjon menga ish izlashga kirishdi.
Bir qarindoshimiz ushbu bankdan kredit rasmiylashtirgandi. O`zbekistonga ketganidan keyin uning kreditini to`lash uchun bankka bordim va menedjerlikka tanlov bo`layotganligidan xabar topdim. Shu bankda ishlayotgan andijonlik Nargizaxonning taklifi bilan bank boshqaruvchisi Gulziraxonga uchrashdim va ishga qabul kilindim.
Shu bo`yicha oktyabr oyidan buyon Vladivostok shahridagi "Baybol" mikrokredit bankida menedjer sifatida ishlab kelyapman. Ishimiz juda qiziqarli. Vazifamiz asosan O`zbekiston, Tojikiston, Kirg`iziston hamda Rossiya fuqarolariga qisqa muddatli mikro-kredit rasmiylashtirishdan iborat.
Ish jarayonida turli yurtlardan kelgan musofirlarga moddiy yordam qo`lini cho`zamiz. Bizning bankimizdan olingan pullar evaziga musofirlar asosan hujjatlarini rasmiylashtirishadi, mavsumiy sharoitlarini yaxshilashadi, kredit summasi Vatanlarida uy qurish, to`y qilish yoki biror kutilmagan holatlarda hojatlarini chiqarishda juda qo`l keladi. Ish kunimiz Rossiya mehnat qonunchiligiga asoslangan holda besh kun ishlab, ikki kun dam olamiz.
Vatanimdan uzoqda bo`lsam ham olis yurtlarda vatanim ravnaqi uchun xizmat qilayotganimdan juda xursandman. Chunki bizdan olingan kreditlar evaziga musofirchilikdagi ko`pgina yurtdoshlarimiz to`y qilishyapti, uy-imoratlar qurib, mashina olishyapti, yashash sharoitlarini unglab olishyapti, yurtimizga valyuta kiritilyapti. Bunda mening ham hissam borligidan fahrlanaman!
Vatan, ona yurt sog`inchi
Vatan deganda oilam ostonasi, mahallam, tug`ilib-o`sgan shahrim, ona yurtim bor go`zalligi bilan ko`z oldimda namoyon bo`ladi. Aslida balandparvoz so`zlardan ancha yiroq insonman, lekin vatan uchun qancha xizmat qilsam shuncha oz, qancha qadrlasam, shuncha kam. Vatanni sevish, ardoqlashni o`zi kamlik qiladi. Vatanga otam-onam qadar mehrim baland. Vatan qadri… bu tushunchani turli sabablarga ko`ra vatandan uzoqlashgan, oz bo`lsa-da musofirlik nonini totgan qora ko`zlardan so`rab ko`ring. Vatan deganda vatanidan uzoq insonlarning ko`zlarida chaqnaydigan uchqunni bir zumgina ko`z oldingizga keltirib ko`ring…
Vatan sog`inchi… bu jismingiz o`zga yurtda bo`lsa-da, ruhingizning tug`ilib o`sgan tuproqqa talpinib turishi, xayolan, fikran vatan bilan hamnafaslik, yaxshi kunidan quvonib, bulutli kunlaridan tashvishlanish xissi…
O`zbekiston degan so`zni eshitganda yurakning sekingina entikib qo`yishi, olis yurtda bir kalom o`zbekcha so`z eshitganda sekingina xapkirib qo`yish… uyquga ketish oldidan bolalikning olis ko`chalariga hayolan sayr qilib, o`sha beg`ubor kunlarni qo`msash, ostonaga qaytish ishtiyoqi, vatanning bir kaftgina tuprog`iga bo`lgan e`zoz… umuman so`z bilan ta`riflab bo`lmaydigan noyob, inja tuyg`ular tajassumi.






