O`zbekiston ilm-fani og`ir judolikka uchradi.
O`zbek tilshunosligi sohasidagi yirik olim, filologiya fanlari doktori, akademik Ergash Fozilov 81 yoshida vafot etdi.
E.Fozilov 1933 yili Toshkent viloyatining Yangiyo`l shahrida ishchi oilasida tug`ildi.
1957 yilda Moskva davlat universitetini tugatib, O`zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Tilshunoslik instituti aspiranturasida tahsil oldi, dastlab nomzodlik, so`ngra doktorlik dissertasiyalarini himoya qildi.
2000 yilda O`zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining a`zosi etib saylandi.
Jonkuyar va iste`dodli olim o`zining qariyb 40 yillik ilmiy faoliyati davomida Fanlar akademiyasining Til va adabiyot instituti katta ilmiy xodimi, institut direktori o`rinbosari, Fanlar akademiyasining Sharqshunoslik instituti bo`lim boshlig`i, Oliy va o`rta maxsus ta`lim vaziri o`rinbosari lavozimlarida samarali mehnat qildi va o`zbek tilshunosligining dolzarb masalalarini tadqiq etish, yuqori malakali kadrlar tayyorlash ishiga munosib hissa qo`shdi.
E.Fozilov birinchilardan bo`lib o`zbek tilining tarixiy rivoji, leksikologiyasi va leksikografiyasi hamda grammatikasini o`rgandi. U Alisher Navoiy asarlari tilini tadqiq etib, «Alisher Navoiy asarlari tilining izohli lug`ati» va «Eski o`zbek tili» lug`atlarini nashr ettirdi. Taniqli olimning tilshunoslikning dolzarb masalalariga bag`ishlangan maqola va risolalari keng jamoatchilikka yaxshi ma`lum.
Talabchan ustoz sifatida ko`plab yoshlarga ilm-fan sirlaridan saboq bergan zahmatkash olimning bevosita rahbarligida o`nlab fan doktorlari va fan nomzodlari tayyorlandi.
Atoqli olim, kamtarin inson Ergash Fozilovning xotirasi qalblarimizda hamisha saqlanib qoladi.
I.Karimov, I.Sobirov, D.Toshmuhamedova,
Sh.Mirziyoev, Sh.Solihov





