Urganch shahrida “UzXCMG” O`zbekiston – Xitoy qo`shma korxonasi ish boshladi.
Shu munosabat bilan o`tkazilgan tadbirda “O`zbekiston temir yo`llari” DATK boshqaruvi raisi Ochilboy Ramatov, “Xuzhou Construction Machinery Group” korporasiyasi vise-prezidenti Li Szyan ishtirok etdi.
Bugungi kunda “O`zbekiston temir yo`llari” davlat aksiyadorlik kompaniyasining qator korxonalarida zamonaviy yuk va yo`lovchi vagonlari ishlab chiqarilmoqda, kapital ta`mirdan chiqarilib, xizmat ko`rsatish muddati uzaytirilmoqda. Kompaniya korxonalari yana bittaga ko`paydi – ular qatoriga endi Xitoyning “Xuzhou Construction Machinery Group” korporasiyasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan “UzXCMG” qo`shma korxonasi ham qo`shildi.
Ushbu qo`shma korxonada gidravlik ekskavatorlar va boshqa qurilish uskunalari ishlab chiqariladi, texnikalarga xizmat ko`rsatiladi.
Loyiha doirasida 15 million dollarlik investisiya mablag`i o`zlashtirilishi belgilangan. Korxona tizimidagi muhandislik tarmoqlari tubdan ta`mirlandi, oqova suv inshootlari yangidan o`rnatilib, hududdagi temir yo`llar yangilandi, yuk ko`tarish moslamalari kapital ta`mirdan chiqarildi.
“UzXCMG” QKda mahsulot ishlab chiqarishni tashkil etish bosqichma-bosqich amalga oshiriladi. Birinchi bosqichda alohida yirik mexanizmlar yig`ilib, ba`zi payvandlanuvchi konstruksiyalar va ehtiyot qismlar tayyorlanadi. Ishchilarning aksariyatini kasb-hunar kolleji bitiruvchilari tashkil etadi. Yaqinda ularning bir guruhi Xitoyda bo`lib, “XCMG” korporasiyasining ekskavator ishlab chiqaradigan zavodida malaka va tajriba oshirib qaytdi.
Korxona to`liq quvvat bilan faoliyat yurita boshlagach 400 nafardan ziyod yoshlar doimiy ish o`rni bilan ta`minlanadi.
14.05.2014 11:17





