O`zbekiston Milliy Olimpiya Qo`mitasi prezidenti va mamlakat futbol Assosiasiyasi 1-vise-prezidenti Umid Ahmadjonov Osiyo chempionlar ligasi pley-off bahsidan o`rin olgan “Al-Garafa”ga qarshi uchrashuvda O`zbekiston vakili bo`lgan “Paxtakor” jamoasini qo`llab-quvvatlash uchun O`FA Ijroqo`mi a`zosi, "Paxtakor" FK prezidenti Bobur Shodiev bilan birga Qatar poytaxti Dohaga yo`l olgani haqida xabar berib o`tgandik.
Umid Ahmadjonov Dohada Bobur Shodiev bilan birgalikda Qatar Milliy Olimpiya Qo`mitasi vise-prezidenti Doktor Taniy Al-Kuvariy hamda “Al-Garafa” klubi prezidenti Hamad bin Tamiyr bilan uchrashdi, deya xabar berdi O`FF.
Uchrashuv davomida Umid Ahmadjonov Qatar MOQ vise-prezidenti Doktor Taniy Al-Kuvariy bilan Olimpiya sport turlarini rivojlantirish, bu borada tajriba almashish masalalari bo`yicha suhbatlashdi.
Qatar davlati ham mamlakatda Olimpiya sport turlarini rivojlantirish va bo`lg`usi Olimpiadada katta natijalarga erishishni maqsad qilib qo`ygan. Uchrashuvda O`zbekiston MOQ bu borada Qatar bilan hamkorlik qilishi bo`yicha kelishuvga erishildi.







