Sovchilar, uchrashuv, to`y… bularning barchasi ko`pchilik ayollarga tanish. Oila qurgandan keyin yalqov erga uchraganlar kimni ayblashni bilmay boshlari qotishi aniq. Ba`zilar yalqov erni tarbiyalashga kirishsa, qolganlari «taqdir» ekan, deya qo`l siltashadi. Xo`sh, ayollarning bosh og`rig`i bo`lgan «yalqov», «dangasa» erning kasalini tuzatish mumkinmi?
Tuzalmaydigan yalqovlar
Agar turmush o`rtog`ingiz:
— tez-tez ish joyini o`zgartirib turadi yoki ishlamaydi, sabab qilib ish joyidagi xodimlar va ishning unga to`g`ri kelmasligini ko`rsatadi;
— har doim yangilik qidirayotganini ta`kidlaydi, biroq jiddiyroq ish bilan shug`ullanish xayoliga kelmaydi;
- u tanlagan kasb yoki ishning umuman daromadi yo`q. Shunga qaramasdan ishlashni davom ettiradi, chunki unga yoqadi;
- doim sizdan yana ozgina chidab turishni, sabr qilishni so`raydi. Siz ham turmush qurganingizdan beri kutmoqdasiz;
- ishlash qochib ketmasligini, yoshlikda o`ynab-kulish kerakligini ta`kidlaydi;
- pul etishmovchiligidan sizga qarz olishni maslahat beradi;
- ust-boshiga ham umuman e`tibor bermaydi (yalqovlar odatda, hatto, o`ziga ham be`tibor);
— pul topishning oson yo`llarini topishga harakat qiladi;
— ikkita oliy o`quv yurtini bitirganiga qaramay, uchinchi marta ham yangi kasbga o`qishga qaror qiladi, biroq tayinli kasbni tanlamaydi;
— uylangan bo`lsa-da oilasini ta`minlab turgan ota-onasi qanotidan chiqib ketishni istamaydi, oilada undan tashqari yana ikkita uylangan aka-ukalari bo`lsa ham;
— ayoli topgan pulni hisoblashni va kelajagini o`ylashni yoqtiradi. Mabodo, rafiqasi ishdan bo`shamoqchi bo`lsa, qattiq siqiladi, daromad manbaini yo`qotib qo`yishdan qo`rqadi.
Bu ro`yxatga kiritilganlarning yalqovlik, pul ishlab topish va oilasini boqishga harakat qilmaslik, ular taqdirini o`ylamaslik qoniga singib ketgan. Odatda, bundaylar ayollarining barcha ro`zg`or-tashvishlarini o`z bo`ynilariga olganlaridan xursand ham bo`lishadi. Hayot qiyinchiliklaridan nolishadi, biroq o`zlari qimirlab pul topishni, uy-ro`zg`or ishlarida ayoliga yordam berish kerakligini o`ylab o`tirishmaydi. Afsuski, bu jihatlar faqatgina turmush qurgandan so`ng yuzaga chiqadi.
O`zingiz sabab bo`lgan holatlar.
1-muammo. Turmush o`rtog`ingiz uy-ro`zg`orda sizga ko`maklashishini xohlaysiz, biroq bari bekor. Sababini aniqlaymiz.
- Turmush o`rtog`ingizning har bir harakatini nazoratga olmoqchisiz. Erkaklar esa nazoratga toqat qilolmaydilar. Qancha ko`p kamchiligini ko`rsatib, qilgan xatolarsi uchun ayblayversangiz, unda o`ziga yarasha himoya qobig`i paydo bo`ladi va har qanday urinish, ta`kid, iltimos e`tiborsiz qoladi.
- Hamma mas`uliyatni o`zingizning nozik elkangizga olib, uni «erkalatib» yuborgansiz.
2-muammo. Turmush o`rtog`ingiz kam pul topadi, ish joyini o`zgartirishni xohlamaydi. Yangi ish topishdan ko`ra hech narsa qilmaslikni afzal biladi.
- Dunyoda o`zlari mustaqil harakat qilib, o`zgalarning yordamisiz muvaffaqiyatga erishadigan erkaklar kam. Bu achinarli hol, lekin haqiqat. Ular doim qo`llab-quvvatlashga, kimdir ma`lum bir yo`lga yo`naltirib turishga muhtoj, shundagina ruhlanib, maqsad sari olg`a qadam tashlashadi. Asosiysi, ularning nozik qalblarini jarohatlab qo`ymaslik kerak. Agar tabiatan faol bo`lsangiz, unda yo`naltiruvchi vazifasini bo`yningizga olishga to`g`ri keladi. Aks holda, eski hammom — eski tosligicha qolib ketadi.
- Turmush o`rtog`ingiz san`at, ijod bilan bog`liq bo`lib, o`ta romantik. Qalb tubida hali-hanuz «o`z idealini»qidirish bilan ovora. Bu turdagilar o`zgarishni xohlashmaydi, hatto, sevgan yorlari tomonidan ham qanday bo`lsa, shundayligicha qabul qilinishlarini istashadi. Bu holatda uning «ideali» bo`lishni maslahat berishdan o`zga choramiz yo`q. Shundagina xohlaganingizni muhayyo qilishadi.
Dangasalikdan qutulish yo`llari
Turmush o`rtog`ingiz kim bo`lishidan qat`i nazar xotirjamlikni saqlab, muammolarga falsafiy yondashing. Sizni aynan nima qoniqtirmayotganligini o`ylab, tahlildan o`tkazing, o`z-o`zingizga savol berishga va javob olishga harakat qiling. Agar uydagi tartibsizligi yoqmasa:
1-usul: (paypoqlarini har joyga tashlab ketsa) paypoqlaridan birini dastro`mol o`rniga cho`ntagiga solib qo`ying. Dastro`mol o`rniga paypoq chiqib, mulzam bo`lgach, masala ham hal bo`ladi.
2-usul: bir oy davomida qilinishi kerak bo`lgan ishlarni kuniga bir martadan xotirjam holda gapiring. Bu usuldagi «uy gipnozi» bir oydan so`ng o`z samarasini beradi.
Kamola ERMATOVA, ruhshunos
Manba: “SUG‘DIYONA” gazetasi






