AsosiyJamiyat

​IIV MA`LUM QILADI: IChKI IShLAR ORGANLARI NOPOK XODIMLARDAN TOZALANMOQDA

'​IIV MA`LUM QILADI: IChKI IShLAR ORGANLARI NOPOK XODIMLARDAN TOZALANMOQDA'ning rasmi

Bugungi kunda hukumatimiz tomonidan ichki ishlar organlari faoliyatini tubdan takomillashtirishga alohida e`tibor qaratilmoqda.

Joriy yilning 15 noyabr kuni Prezidentimiz tomonidan huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish borasidagi hamkorlik, ushbu yo`nalishda amalga oshirilgan ishlar va kelgusidagi ustuvor vazifalar to`g`risida o`tkazilgan videoselektor yig`ilishida, ichki ishlar organlarining profilaktika inspektorlari tomonidan olib borilayotgan ishlar talabga javob bermasligi, ularga yaratilayotgan shart-sharoitlarga qaramasdan ba`zi xodimlar tomonidan xizmat intizomini buzish holatlari uchrayotgani keskin tanqid ostiga olindi.

O`zbekiston Respublikasi IIV Jamoatchilik va OAV bilan aloqalar boshqarmasi ma`lum qilishicha, Prezident huzurida o`tkazilgan videoselektor yig`ilishida kadrlar masalasi yuzasidan berilgan topshiriqlarni bajarish maqsadida, O`zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi rahbariyati boshchiligida videoselektor o`tkazildi. Yig`ilishda asosiy e`tibor profilaktika inspektori lavozimiga munosib xodimlarni tayinlash, kadrlarni joy-joyiga qo`yish, ushbu lavozimlarni yuridik ma`lumotga ega, malakali hamda mas`uliyatli xodimlar bilan jamlashga qaratildi.

Shuningdek, xodimlar o`rtasida xizmat intizomi, muomala madaniyati, kasbiy va jismoniy tayyorgarligini oshirish borasida olib borilayotgan ishlar talabga javob bermasligi yuzasidan haqli e`tirozlar bildirildi.

Jumladan, joriy yilning 10 oyi mobaynida intizomiy jazoga tortilgan xodimlar soni o`tgan yilga nisbatan 285 taga oshganini, poraxo`rlik, ta`magirlik va boshqa jinoyatlarni sodir qilgani uchun 177 nafar xodimlar jinoiy javobgarlikka tortilgani va ichki ishlar organlarini nopok xodimlardan tozalash kelajakda ham davom ettirilishi ta`kidlandi.

Yig`ilishda, Qoraqalpog`iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Toshkent shahar ichki ishlar bosh boshqarmasi va viloyatlar ichki ishlar boshqarmalari kadrlar yo`nalishiga mas`ul rahbarlarning hisobotlari tinglandi va kamchiliklarga yo`l qo`ygan rahbarlarga ko`rsatib o`tilib, salbiy holatlarni bartaraf etish yuzasidan aniq topshiriqlar berildi.

Yig`ilish so`ngida, xodimlar o`rtasida xizmat intizomi va qonunchilik buzilishi holatlari yuzasidan chuqur tahlil olib borish, uni keltirib chiqaruvchi sabablarini o`rganish, ushbu holatlarning kelgusida sodir etilishini oldini olish bo`yicha profilaktik chora-tadbirlar belgilandi.

    Boshqa yangiliklar