AsosiyShou-biznes

Yangi “Ko`rgim keladi” badiiy filmining taqdimoti bo`lib o`tdi

Alisher Navoiy nomidagi Kino saroyida “O`zbekkino” Milliy agentligi buyurtmasi asosida “O`zbekfilm” kinostudiyasida suratga olingan “Ko`rgim keladi” badiiy filmining namoyishi va kartina ijodkorlari ishtirokida matbuot anjumani bo`lib o`tdi.
 
Insoniylik, mehr-muruvvat, saxovat, sabr-bardosh, bag`rikenglik, ayolga hurmat va ehtirom ko`rsatish kabi olijanob tuyg`ular haqida hikoya qiluvchi ushbu film tomoshabinni befarq qoldirmaydi. Kartinada bosh qahramon – xonanda Ziyoda Alievaning boshiga tushgan hayot sinovlaridan matonat bilan o`ta olgani aks ettirilgan, deya xabar beradi O`zA.
 
Xalq orasida nom qozongan va bir qarashda baxtli ko`ringan bu ayolning oilasi, shaxsiy hayoti muammolar girdobida. Engil hayotni orzu qilib, xorijga ishlash istagida ketgan turmush o`rtog`i farzandi va Ziyodaning taqdiriga mutlaqo befarq qaraydi. Xonandaning qizi og`ir xastalikka chalinganida, garchi begona bo`lsa-da,  mehr-oqibatli insonlar qizchaning yana oyoqqa turishiga ko`mak beradi. 
 
Filmda insonning irodasi turli sinovlarda, eng og`ir paytlarda toblanishi murakkab va ta`sirchan epizodlar orqali ochib berilgan.
 
Yozuvchi Murod Muhammad Do`st ssenariysi asosida yaratilgan ushbu filmga yosh kinoijodkor Javohir Qosimov hamda Bahriddin Aynazarov rejissyorlik qilgan. Postanovkachi operator – Muzaffar Yusupov. Asosiy rollarni Dilnoza Kubaeva, Sayyora Yunusova, Husan Jo`raev, Mubina Nazirboeva, Behzod Muhammadkarimov, Yoqub Ahmedov, O`tkir Muhammadxo`jaev, Malika Ibrohimova singari aktyorlar ijro etishgan. 

    Boshqa yangiliklar