Statistik ma`lumotlarga ko`ra, respublikada so`ngi uch yil ichida kuzgi-qishki isitish mavsumida sodir bo`lgayotgan favqulodda vaziyatlarning aksariyati is gazidan zaharlanish holatlari bilan bog`liq. Ma`lumki is gazi (SO) rangsiz, hidsiz, korxona sharoitida eng ko`p uchraydigan zaharli birikma bo`lib, tabiiy gaz, yoqilg`i, ko`mir, o`tin cho`g`lari to`liq yonmasligi oqibatida hosil bo`ladi. Tutun tarkibida 3%, ishlangan gazda 13%, portlovchi gazlar tarkibida esa 50-60% gacha is gazi bo`ladi.
Is gazidan shamollatish tizimi yaxshi ishlamaydigan organik moddalarni ishlab chiqaradigan korxonalarda, avtoulovlar turar parklarda, yangi bo`yalgan va shamollatilmagan xonalarda, shuningdek uy sharoitlarida tabiiy gaz chiqib turganda va pechka bilan istiladigan uylar, hammomlarda, dam olish palatkalarida yonuvchi moddaning to`liq yonmasligi natijasida zaharlanish mumkin.
Is gazi organizmga nafas a`zolari orqali ta`sir etadi. Ushbu gaz gemoglobin bilan kislorodga nisbatan 300 marotaba kuchli birikma - karboksigemoglobin hosil qiladi. Oqibatda gemoglobinning to`qimalarga kislorod tashish xususiyati keskin pasayib, gipoksiyaga, og`ir xolatlarda esa - anoksiyaga olib kelishi xamda shu tariqa inson hayotdan ko`z yumishi mumkin.
Tahlillarga ko`ra, is gazidan zaharlanish holatlarining aksariyati quyidagi sabablarga ko`ra yuzaga kelmoqda:
fuqarolar tomonidan gaz va muqobil yoqilg`i (ko`mir, o`tin va boshqa) turlaridan foydalanishda xavfsizlik choralariga rioya etmaslik;
nostandart (qo`lbola yasalgan) yoki sertifikatga ega bo`lmagan isitish pechlari va anjomlaridan foydalanish;
isitish pechlarining dudbo`ronlarini noto`g`ri o`rnatish;
gaz yoki boshqa muqobil yoqilg`iga moslashtirilgan isitish pechlari (anjomlari)ni dam olish (uxlash) xonalariga olib kirish;
havo almashmaydigan xonalarni isitishda ochiq olov (ko`mir va o`tin cho`g`lari)dan foydalanish;
havoni almashtiruvchi shamollatish shaxtalari yoki tuynuklarni berkitib (to`sib) qo`yish.
Yuqorida ko`rsatib o`tilgan sabablarga ko`ra isitish uchun foydalanilayotgan yoqilg`i (gaz, ko`mir, o`tin va boshqa)ni chala yonishi natijasida is gazi hosil bo`ladi.
Yuqoridagi sabablarni kelib chiqishiga yo`l qo`ymang. Is gazidan zaharlanishdan ogoh bo`ling!
13.11.2017 17:53
FVV OGOHLIKKA ChORLAMOQDA






