Apelsin toksinlarga qarshi!
Yarimta apelsinda har bir kishiga kerakli bo`lgan S vitamining kundalik miqdori mavjud. Bu meva tamaki tutuni, spirtli ichimliklar hamda yog`li taomlar bilan birgalikda organimzmimizga tushib, sog`lom hujayralarga zarar etkazadigan moddalarga qarshi kurashadi. Apelsin tarkibidagi pektin esa hazm qilish jarayonini engillashtiradi. Kaliy moddasi mushak to`qimalari va asab tolalarining yaxshi faoliyat yuritishi uchun muhim sanaladi. Fosfor va kalsiy suyaklar hamda tishlarning mustahkamligiga hissa qo`shadi. Apelsinnni tozalash davomida bo`lakchalarning orasidagi oq tololalarni olib tashlamang. Ularni qo`shib iste`mol qilish organizmga S vitaminini o`zlashtirishga yordam beradi.
Greypfrut bilan ozamiz!
Greypfrut tarkibida flavonoid naringenin moddasi mavjud. U organizm qabul qilgan yog`lar to`planib qolmasligi hamda yaxshi parchalanishiga ko`mak beradi. Bu jarayon natijasida esa biz ozamiz! Greypfrutdagi efir moylari, organik kislotalar o`z navbatida moddalar almashinuviga ta`sir ko`rsatib, hazm qilish jarayonini tezlashtiradi. Shuningdek, bu foydali meva kletchatkaga boy bo`lib, u organizmga tushgach qorin dam bo`lishiga yo`l qo`ymaydi. Greypfrutning ta`mi biroz nordon bo`lgani bois, uni qandli diabet bilan og`riganlar bemalol iste`mol qilishi mumkin. Bundan tashqari, u uglevodlar almashinuvini tezlashtirib, qonda qandning yig`ilishining oldini oladi.
Kayfiyatni ko`taruvchi laym
Sizu biz yaqindagina do`stlashgan laym mevasining po`stlog`ida bir qancha efir moylari mavjud. Agar uni po`sti bilan iste`mol qilsangiz, asablaringiz tinchlanib, kayfiyatingiz ko`tariladi. Bundan tashqari u mikrob va viruslarga qarshi foydali meva sanaladi. Tadqiqotlar natijasiga ko`ra, laym tarkibida limonga nisbatan foydali vitamin va minerallar ko`p ekan. Yurak-qon tomir xastaliklarini oldini oluvchi yaxshi vosita hisoblanadi.
Mandarin yo`talni to`xtatadi!
Shamollash vaqtida turli-tuman achchiq dorilardan ko`ra apelsinning kichik qarindoshi mandarin ko`proq foyda beradi. Ayniqsa, yo`talda! Chunki uning tarkibida mikroblarni parchalovchi flavonoid nobiletin bor.
Yo`talga qarshi dori: ikkita mandarin va bitta nokni po`sti bilan bir necha bo`laklarga ajrating. Idishga solib, ikki osh qoshiq shakar yoki asal, 400 ml qaynagan suv qo`shing. Past olovda 15 daqiqa davomida qaynating. Sovuting, ovqatdan keyin 1-2 osh qoshiqdan iste`mol qiling.






