AsosiyJamiyat

​ARZON VA KO`P QAVATLI UY-JOYLAR QURILIShI IZChIL DAVOM ETTIRILADI

'​ARZON VA KO`P QAVATLI UY-JOYLAR QURILIShI IZChIL DAVOM ETTIRILADI'ning rasmi

ARZON VA KO`P QAVATLI UY-JOYLAR QURILIShI IZChIL DAVOM ETTIRILADI

O`zbekiston Milliy matbuot markazida "Ipoteka-bank" aksiyadorlik-tijorat banki tomonidan tashkil qilingan matbuot anjumanida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning joriy yil 23 oktyabrdagi “2017-2020 yillarda shaharlarda arzon ko`p kvartirali uylarni qurish va rekonstruksiya qilish dasturini samarali amalga oshirish borasidagi qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida"gi qarorining ijrosini izchil ta`minlash bo`yicha amalga oshirilayotgan ishlar xususida so`z bordi.

Mazkur qarorga muvofiq, 2018-2020 yillarda shaharlarda 43 ming 431 ta ko`p xonadonli uy-joy qurilishi rejalashtirilgan. Shundan 490 tasi Toshkent shahrida bunyod etiladi. Aholiga yanada qulaylik yaratish maqsadida mazkur uy-joylarning tarifidan kelib chiqib, 10 foizdan 40 foizgacha miqdoridagi summa boshlang`ich badal sifatida belgilandi.

Ushbu arzon uy-joylar uchun yigirma yilga beriladigan kreditning imtiyozli davri uch yildan iborat. Shuningdek, dastlabki besh yilda to`lov kredit miqdorining etti foizini tashkil etadi, keyingi yillarda esa Markaziy bankning amaldagi qayta moliyalashtirish stavkasiga ko`ra hisoblanadi.

Anjumanda bunday uy-joylar qurilishini moliyalashtirish, bank tomonidan ipoteka kreditlarini ajratish tartibi va bu borada aholiga yaratilayotgan qulayliklar xususida ma`lumot berildi.

– Fuqarolarning kredit olishi uchun qator soliq imtiyozlari yaratilgan, – deydi bankning ipoteka va iste`mol kreditlari boshqarmasi boshlig`i Bobur Nurmuhammedov. – Bunda kredit oluvchining o`zi yoki oila a`zolarining kredit bo`yicha oylik to`lovlarni qaytarish uchun yo`naltirgan mablag`i soliqqa tortilmaydi. Agarda korxonalar qaytib olmaslik sharti bilan o`z xodimlariga ipoteka kreditining boshlang`ich badalini to`lab bergan bo`lsa, mazkur mablag` ham soliqqa tortilmaydi. Shuningdek, kredit to`liq qaytguniga qadar xonadon uchun mol-mulk solig`i to`lanmaydi.

Anjumanda jurnalistlar o`zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.

Manba: O`zA

    Boshqa yangiliklar