AsosiyJamiyat

​O`ZBEKISTON PREZIDENTI BMT DELEGASIYaSINI QABUL QILDI

'​O`ZBEKISTON PREZIDENTI BMT DELEGASIYaSINI QABUL QILDI'ning rasmi

O`ZBEKISTON PREZIDENTI BMT DELEGASIYaSINI QABUL QILDI

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 9 noyabr kuni BMT Bosh kotibining siyosiy masalalar bo`yicha yordamchisi Miroslav Encha va Bosh kotibning maxsus vakili, Markaziy Osiyoda preventiv diplomatiya bo`yicha mintaqaviy markazi rahbari Natalya Germanni qabul qildi.

Davlatimiz rahbari N.Germanni BMTning Markaziy Osiyoda preventiv diplomatiya bo`yicha mintaqaviy markazi rahbari lavozimiga tayinlangani bilan tabrikladi va faoliyatiga muvaffaqiyat tiladi. O`zbekistonning BMT bilan, xususan, yaqingacha M.Encha rahbarlik qilib kelgan Mintaqaviy markaz bilan hamkorligi samarali bo`layotganini mamnuniyat bilan qayd etdi. Prezidentimiz 10 noyabr kuni Samarqandda ish boshlaydigan "Markaziy Osiyo: yagona tarix va umumiy kelajak, barqaror rivojlanish va taraqqiyot yo`lidagi hamkorlik" mavzuidagi xalqaro konferensiyani tashkil etishda BMT muhim o`rin tutganini ta`kidladi.

O`zbekiston Jahon hamjamiyatining teng huquqli a`zosi sifatida xalqaro jarayonlarda faol ishtirok etayotgani, jumladan, yig`ilib qolgan masalalarga amaliy echim topish, Markaziy Osiyoda xavfsizlik va barqarorlikni mustahkamlash, mintaqaning uzoq istiqbolga mo`ljallangan taraqqiyoti bo`yicha aniq takliflar ilgari surayotgani va amalga oshirayotgani ta`kidlandi.

Mehmonlar BMT va uning Bosh kotibi Antoniu Guterrish nomidan mintaqada xavfsizlik va barqaror rivojlanishni ta`minlash bo`yicha o`tkazilayotgan xalqaro forum maqsadi va vazifalarini qo`llab-quvvatlashini bildirdi.

Ta`kidlanganidek, O`zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoev tomonidan BMT Bosh Assambleyasi 72-sessiyasida yoshlar huquqlari bo`yicha xalqaro konvensiyani ishlab chiqish, "Ma`rifat va diniy bag`rikenglik" rezolyusiyasini qabul qilish, Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining muntazam maslahatlashuvlarini o`tkazish bo`yicha ilgari surilgan muhim tashabbuslar mavjud global va mintaqaviy muammolarni hal etishga salmoqli hissa qo`shadi.

Uchrashuvda, shuningdek, O`zbekiston va BMT o`rtasidagi hamkorlikni kengaytirish va mustahkamlashga doir boshqa masalalar muhokama qilindi.

    Boshqa yangiliklar