AsosiyJamiyat

​O`ZBEKISTON PREZIDENTI AQSh PREZIDENTI MASLAHATChISI O`RINBOSARINI QABUL QILDI

'​O`ZBEKISTON PREZIDENTI AQSh PREZIDENTI MASLAHATChISI O`RINBOSARINI QABUL QILDI'ning rasmi

O`ZBEKISTON PREZIDENTI AQSh PREZIDENTI MASLAHATChISI O`RINBOSARINI QABUL QILDI

Bugun, 9 noyabr kuni O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev "Markaziy Osiyo: yagona tarix va umumiy kelajak, barqaror rivojlanish va taraqqiyot yo`lidagi hamkorlik" mavzuidagi xalqaro konferensiyada ishtirok etish uchun mamlakatimizga kelgan nufuzli delegasiyaga boshchilik qilayotgan AQSh Prezidenti maslahatchisi o`rinbosari, Milliy xavfsizlik kengashining Janubiy va Markaziy Osiyo bo`yicha katta direktori Liza Kyortisni qabul qildi.

Davlatimiz rahbari mehmonni samimiy qutlar ekan, hozirgi vaqtda O`zbekiston – Amerika muloqoti amaliy hamkorlik ruhida barqaror rivojlanib borayotganini qayd etdi. Sentyabr oyida O`zbekiston delegasiyasining AQShga safari hamda AQSh Prezidenti Donald Tramp va Amerika biznes doiralari vakillari bilan bo`lib o`tgan uchrashuvlar yakunlari tomonlarning o`zaro hamkorlikni, avvalo, savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy sohalardagi aloqalarni amaliy jihatdan kengaytirish va mustahkamlash bo`yicha intilishlari qat`iy ekanini namoyish qildi.

Qayd etilganidek, qator muhim xalqaro muammolar echimi, global xavf va tahdidlarga qarshi kurashish masalalariga yondashuvlarning mos va mushtarak ekani ushbu dolzarb yo`nalishlardagi o`zaro hamkorlikni sezilarli ravishda mustahkamlash imkonini bermoqda.

Uchrashuvda xavfsizlik va barqarorlikni ta`minlash maqsadida Afg`oniston va butun mintaqadagi vaziyat bo`yicha fikr almashildi.

Tomonlar Markaziy Osiyo teng huquqli va o`zaro hamkorlik hududi bo`lib qolishidan manfaatdor ekanini ta`kidladi. Shu ma`noda, O`zbekiston rahbariyatining yaxshi qo`shnichilik aloqalarini kengaytirish va mintaqa mamlakatlari o`rtasida o`zaro ishonchni mustahkamlashga qaratilgan tashabbuslari va amaliy qadamlari muhim ahamiyatga ega ekani qayd etildi.

Liza Kyortis AQSh rahbariyati O`zbekistonning mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlikni mustahkamlashda tutgan o`rnini yuksak qadrlashini ta`kidladi. Amerika Qo`shma Shtatlari O`zbekiston bilan uzoq istiqbolga mo`ljallangan munosabatlarni yangi bosqichga ko`tarishdan manfaatdor ekanini qayd etdi.

    Boshqa yangiliklar