“UZMOBILE” ABONENTLARI 80 TA VEB-SAYTGA BEPUL ULANA OLADI
“Uzmobile” yurtimizdagi eng yirik mobil aloqa operatorlaridan biri hisoblanadi. U tomonidan ko`rsatilayotgan xizmatlar har jihatdan zamonaviylashtirilayotgani tufayli mijozlari safi tobora kengayib bormoqda.
Gap shundaki, 2015 yilda “O`zbektelekom” aksiyadorlik kompaniyasi tomonidan Toshkent shahridagi “Uzmobile” filialida “GSM” standarti ishga tushirilgan bo`lsa, ayni paytga kelib, mazkur tarmoq foydalanuvchilari soni 1 millionga etdi.
Kecha poytaxtimizda aloqa operatoriga millioninchi mijoz ulanishi munosabati bilan jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirokida tadbir tashkil etildi.
— Mijozlar bilan hamkorligimiz mustahkamlanishida “GSM” tarmoqlarini qurish, 2G, 3G va 4G texnologiyalari joriy etilayotgani qo`l kelmoqda, — deydi filial direktori V. Kravchenko. — Natijada hozirgi kunda respublikamiz bo`ylab 4G tarmog`i amal qilmoqda. Hududlarda sotish va servis shoxobchalari mavjud.
Bundan tashqari, ayni paytda u Toshkent shahridagi mijozlari uchun ovozli ma`lumotlar uzatayotgan bo`lsa, “Rouming” xizmati jahonning 60 dan ortiq mamlakatlariga taqdim etilmoqda.
Joriy yilda “Elektron hukumat” tizimi doirasida imzolangan memorandumga muvofiq esa, davlat idoralarining 80 ta veb-saytiga bepul ulanish imkonini beruvchi “Xalq bilan muloqot” maxsus xizmati tashkil etildi. Bu, o`z navbatida, milliy operatorning mobil aloqa bozoridagi mavqei mustahkamlanishida muhim ahamiyat kasb etayapti.






