AsosiyJamiyat

QIRQDAN ORTIQ BEMOR BOLA LAPAROSKOP YoRDAMIDA KAMINVAZIV YO`L BILAN OPERASIYa QILINDI

'QIRQDAN ORTIQ BEMOR BOLA LAPAROSKOP YoRDAMIDA KAMINVAZIV YO`L BILAN OPERASIYa QILINDI'ning rasmi

QIRQDAN ORTIQ BEMOR BOLA LAPAROSKOP YoRDAMIDA KAMINVAZIV YO`L BILAN OPERASIYa QILINDI

– Do`xtirjon, bolam tuzaladimi? Iltimos, davolab bering, yakkayu yolg`izim shu o`g`lim.

– Xavotir olmang, bir-ikki kunda operasiya qilamiz, farzandingiz ko`rmagandek bo`lib ketadi hali.

Operasiya so`zini eshitib onaning xavotiri kuchaydi, ko`z yoshlarini tiyib tura olmadi.

– Operasiya bu – siz o`ylagan katta jarrohlik amaliyoti emas, bu ishni zamonaviy usulda bajaramiz, – dedi shifokor onani yupatib. – O`sha kunning o`zida bolangizni uyga sog`lom holda olib ketishingiz mumkin...

Samarqand viloyati bolalar ko`p tarmoqli tibbiyot markazida joriy yilning avgust oyidan laparoskopik uskuna yordamida kaminvaziv operasiyalar o`tkazilishi ota-onalar xavotirini kamaytirib, bolalarning qisqa fursatda sog`ayish imkoniyatini oshirdi.

– 2014-2016 yillarda muassasamizda kapital rekonstruksiya ishlari amalga oshirilishi bilan birga, zamonaviy tibbiy jihoz va uskunalar o`rnatildi, – deydi Samarqand viloyati bolalar ko`p tarmoqli tibbiyot markazi bosh shifokori o`rinbosari Dilshod Rahmonov. – Jumladan, Germaniyaning KfW banki tomonidan 2014 yilda 17 turdagi, joriy yilda esa 28 turdagi tibbiy asbob-uskunalar keltirildi. Ushbu jihozlar orasida bolalarda kaminvaziv operasiyalar o`tkazishga mo`ljallangan laparoskop uskunasi mavjudligi bolalar xirurgiyasida uchraydigan o`ta murakkab tug`ma nuqsonli va orttirilgan kasalliklarni ilg`or usullar yordamida samarali davolash imkoniyatini yaratdi. Yangi uskuna yordamida jarrohlik amaliyotini bajarish uchun markazimiz xodimlari keyingi ikki yil mobaynida bir necha marta Germaniya va boshqa davlatlarda malaka oshirib qaytdi, o`quv-seminarlarda qatnashdi. O`z navbatida, markazda xorijlik mutaxassislar ishtirokida o`quv-amaliy seminarlar, xodimlar uchun mahorat mashg`ulotlari tashkil etildi.

Joriy yil avgust oyida markazda o`tkazilgan ana shunday xalqaro anjumanda laparoskopik xirurgiya bo`yicha etuk mutaxassis, germaniyalik professor Salmai Turial ishtirok etib, bolalar kaminvaziv xirurgiyasi yuzasidan o`zining qimmatli tavsiyalarini berdi. Anjumanning amaliy qismida esa yangi uskuna yordamida markaz xodimlari bilan birga o`tkazilgan jarrohlik amaliyotida qatnashdi.

– Germaniyada malaka oshirish jarayonida ham professor Salmai Turialdan ko`p tajriba o`rgandik, – deydi Samarqand viloyati bolalar ko`p tarmoqli tibbiyot markazi kaminvaziv xirurgiya bo`limi endoxirurgi Ja`far Qurbonov. – Markazimizda yangi uskunada o`tkazilgan ilk operasiyalarda bu mutaxassisning ishtirok etishi bizga dalda bo`ldi, shu bilan birga, o`z bilim va tajribamizga ishonchni mustahkamladi. Natijada o`tgan qisqa vaqt mobaynida muassasamizda 40 dan ortiq bemor boladagi qorin bo`shlig`i va ko`krak qafasida uchraydigan xastaliklarni laparoskop yordamida kaminvaziv yo`l bilan operasiya qilib davolashga muvaffaq bo`ldik. Bu usulning eng muhim afzalligi shundan iboratki, terida operasiyadan keyingi jarohatlar, chandiqlar bo`lmaydi, bemor shu kuniyoq oyoqqa turadi va qisqa vaqtda uyiga ketish uchun ruxsat beriladi. Bu bemorlar davolanish kursini qisqartirib, sarf-xarajatlar ham kamayishiga yordam beradi. Operasiyadan keyingi asoratlar bir necha marotaba qisqaradi.

Markazda kelgusida laparoskopik uskuna yordamida kaminvaziv operasiyalar turini ko`paytirish va bu sohada izlanishlarni davom ettirish ko`zda tutilgan. Manba: http://uza.uz

    Boshqa yangiliklar