TEGIShLI DASTURGA ASOSAN 31 MING 791 TONNA OZIQ-OVQAT MAHSULOTLARI TAYYoRLASh REJALAShTIRILGAN
Mamlakatimizda aholining qishloq xo`jaligi mahsulotlariga bo`lgan talabini qondirish, qish va bahor oylarida ham dasturxon to`kinligini ta`minlash, bozorda narx-navo barqarorligiga erishish maqsadida oziq-ovqat mahsulotlarini zaxiraga g`amlash ishlari qizg`in davom etmoqda.
Aholi va ijtimoiy soha muassasalarining ehtiyojlari uchun qish-bahor faslida qishloq xo`jaligi mahsulotlarining asosiy turlarini g`amlash ishlari uyushqoqlik bilan olib borilmoqda. Tayyorlov tashkilotlarining ijtimoiy ahamiyatga ega oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqaruvchilar bilan tuzilgan shartnomalar ijrosini ta`minlash, omborxona va sovutgichlardan unumli foydalanish, qish-bahor oylarida ichki bozorga mahsulotni muntazam, bir maromda etkazib berish hisobiga narx-navo barqarorligini saqlab turishga alohida e`tibor qaratilmoqda.
Prezidentimizning 2017 yil 20 oktyabrdagi “2017-2018 yillar qish-bahor faslida Respublika aholisini va ijtimoiy soha muassasalarini qishloq xo`jaligi mahsulotlarining asosiy turlari bilan kafolatli ta`minlash chora-tadbirlari to`g`risida”gi qarori bu borada muhim dasturilamal bo`layotir.
Qoraqalpog`iston Respublikasi Qishloq va suv xo`jaligi vazirligidan olingan ma`lumotlarga ko`ra, 2017-2018 yillar qish-bahor faslida ichki iste`mol bozori uchun qishloq xo`jaligi mahsulotlarining asosiy turlarini g`amlash bo`yicha ishlab chiqilgan dasturga asosan 31 ming 791 tonna oziq-ovqat mahsulotlari tayyorlash rejalashtirilgan.
– Jumladan, mahalliy hokimliklar hisobidan jami 20 ming 367 tonna – 4 ming 28 tonna kartoshka, 4 ming 294 tonna piyoz, 3 ming 220 tonna sabzi, 8 ming 825 tonna guruch g`amlash belgilangan, – deydi Qoraqalpog`iston Respublikasi Qishloq va suv xo`jaligi vazirligi bo`lim boshlig`i Muratboy Qurboniyozov. – Ijtimoiy tarmoqlar, xususan, Xalq ta`limi vazirligi tizimidagi muassasalarda 517 tonna, sog`liqni saqlash tashkilotlarida 257 tonna qishloq xo`jaligi mahsulotlarini qish-bahor oylari uchun zaxiraga jamg`arish nazarda tutilgan.
Aholi dasturxoniga tortiq etiladigan qishloq xo`jaligi mahsulotlarining 15 ming 270 tonnasi zamonaviy sovutgichlarda, 15 ming 525 tonnasi fermer xo`jaliklari omborxonalarida saqlanadi.






