DEPUTATATLAR O`ZBEKISTON RESPUBLIKASI DAVLAT BYuDJETINING VA DAVLAT MAQSADLI JAMG`ARMALARI BYuDJETLARINING 2017 YIL TO`QQIZ OYIDAGI IJROSINI MUHOKAMA QILDILAR
O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi bo`lib o`tdi. Deputatlar Davlat byudjetining va davlat maqsadli jamg`armalari byudjetlarining joriy yil 9 oyidagi ijrosini ko`rib chiqdilar. Bu haqda O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Axborot xizmati ma`lum qilmoqda.
Dastavval siyosiy partiyalar fraksiyalari va O`zbekiston Ekologik harakati deputatlar guruhining, Qonunchilik palatasi sohaga oid qo`mitasining majlislarida ushbu masalaning dastlabki muhokamalari o`tkazilgan edi.
Majlisda ta`kidlandiki, O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning tashabbusiga ko`ra ishlab chiqilgan 2017-2021 yillarda O`zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo`nalishi bo`yicha Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalarni amalga oshirish natijasida, «Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili» Davlat dasturini bajara borib, iqtisodiyotning barqaror, yuqori sur`atlar bilan rivojlanishi hamda o`sishi ta`minlandi. Asosiy makroiqtisodiy ko`rsatkichlarning ijobiy o`sish sur`atlari saqlab qolindi, shuningdek, iqtisodiyot tarmoqlari va sohalarining yanada mutanosib rivojlanishi uchun mustahkam zamin yaratildi.
Shu bilan birga deputatlar tomonidan mahalliy byudjetlarni to`ldirish manbalarini kengaytirish yuzasidan mavjud imkoniyat va resurslarlarning to`liq ishga solinmayotgani, xususan, respublikaning 17 ta tuman va shaharlarida mahalliy byudjetlarning daromadlar qismi prognoz ko`rsatkichlari bajarilmagani tanqid ostiga olindi.
Majlis yakunlariga ko`ra, Davlat byudjetining va davlat maqsadli jamg`armalari byudjetlarining 2017 yil to`qqiz oyidagi ijrosi to`g`risidagi hisobotni tasdiqlash haqida qaror qabul qilindi.






