Jahon futboli afsonalaridan biri, “Barselona” klubining sobiq himoyachisi, Ispaniya terma jamoasi bilan Evropa va jahon chempioni bo`lgan Karles Puyol joriy yilning 9 noyabr kuni Toshkentga keladi.
O`zbekiston futbol federasiyasi prezidenti Umid Ahmadjonov shu yilning sentyabr oyida Shveysariyaning Syurix shahrida FIFA prezidenti Janni Infantino bilan uchrashgandi.
Muloqot chog`ida O`zbekiston delegasiyasi futbol targ`ibotini kuchaytirish maqsadida FIFAdan dunyo futbolining yorqin afsonalari va bugugi kun yulduzlarini O`zbekistondagi yosh futbolchilarga master-klass o`tab berishi uchun taklif qilishda FIFAning amaliy yordam berishini so`ralgandi.
FIFA prezidenti Janni Infantino o`sha uchrashuv davomida O`zbekiston futbol federasiyasi tomonidan mamlakatda futbol rivojini yangi bosqichga olib chiqishda tashkilot tomonidan yordam ko`rsatilishini hamda jahon futboli yulduzlarini O`zbekistonga yuborishda amaliy ishlar qilinishiga va`da bergan.
Puyolning mamlakatimizga tashrifi shaxsan FIFA prezidenti tomonidan uyushtirilmoqda.
Karles Puyol tashrifi davomida yurtimizdagi futbol akademiyalari va bolalar futbol maktablari bilan yaqindan tanishadi hamda yosh futbolchilar uchun master-klasslar o`tkazadi.
Shuningdek, u Oliy liga 28-tur doirasida bo`lib o`tadigan “Paxtakor” va “Olmaliq” jamoalari o`rtasidagi o`yinni ham bevosita stadionda tomosha qiladi.






