AsosiyJamiyat

O`ZBEKISTON SOLIQQA TORTISh REYTINGIDA 60 POG`ONA YuQORILADI

'O`ZBEKISTON SOLIQQA TORTISh REYTINGIDA 60 POG`ONA YuQORILADI'ning rasmi

O`ZBEKISTON SOLIQQA TORTISh REYTINGIDA 60 POG`ONA YuQORILADI

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning 2017 yil 7 fevraldagi Farmoniga muvofiq qabul qilingan 2017 — 2021 yillarda O`zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo`nalishi bo`yicha Harakatlar strategiyasi mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlar samaradorligini oshirish, ularni sifat jihatidan yangi bosqichga ko`tarishda muhim dasturilamal bo`lmoqda.

Unda belgilab berilgan vazifalarning ijrosi doirasida respublikamizda investisiya iqlimini yaxshilash, qulay ishbilarmonlik muhitini yaratish hamda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni jadal rivojlantirishni rag`batlantirishga qaratilgan keng qamrovli sa`y-harakatlar olib borilib, ijobiy natijalarga erishilayotir.

Qo`lga kiritilayotgan yutuqlar Jahon bankining joriy yil 31 oktyabrda e`lon qilingan “Biznesni yuritish 2018: ish o`rinlari yaratish uchun islohotlar” ma`ruzasida ham o`z e`tirofini topdi. Unga ko`ra, O`zbekiston soliqqa tortish ko`rsatkichi bo`yicha 138-o`rindan 78-o`ringa ko`tarildi.

Xo`sh, buning omillari nimada?

Soha mutaxassislarining ta`kidlashicha, so`nggi yillarda mamlakatimizda soliq ma`muriyatchiligini soddalashtirish va tadbirkorlik sub`ektlariga imtiyozlar berish masalalariga alohida e`tibor qaratilayapti. Davlatimiz rahbarining 2017 yil 18 iyuldagi “Soliq ma`muriyatchiligini tubdan takomillashtirish, soliqlar va boshqa majburiy to`lovlarning yig`i-luvchanligini oshirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi Farmoni va joriy yil 1 avgustdagi “Davlat soliq xizmati organlari faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi qarori amaliyotga zamonaviy axborot-kommunikasiya texnologiyalarini keng joriy etish, soliq to`lovchilarga, eng avvalo, tadbirkorlik sub`ektlariga to`g`ridan-to`g`ri muloqotsiz elektron xizmatlar ko`rsatishni ta`minlashda alohida ahamiyat kasb etadi.

Prezidentimizning 2017 yil 29 sentyabrdagi “Fiskal xotirali nazorat-kassa mashinalarini qo`llash tartibini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi qarori esa ushbu yo`nalishdagi ishlar sifatini yanada yuksaltirish, yuridik hamda jismoniy shaxslar tomonidan naqd pulga tovarlarni realizasiya qilish, aholi bilan hisob-kitobni tezkor amalga oshirish va tizim nazorat funksiyasini takomillashtirishda muhim omil bo`ldi.

Mazkur qarorga muvofiq, 2018 yilning yanvaridan boshlab Toshkent, Nukus shaharlari hamda viloyatlar markazlarida onlayn nazorat-kassa mashinalari tajriba-sinov tariqasida amaliyotga joriy etiladi. 2018 yilning 1 iyulidan ushbu hududlardagi yuridik shaxslar, 2018 yilning 1 dekabridan boshlab esa mamlakatimizdagi barcha yuridik va jismoniy shaxs-lar tovarlarni realizasiya qilish, ishlarni bajarish hamda xizmatlar ko`rsatishda aholi bilan naqd puldagi hisob-kitob-larni majburiy tarzda faqat onlayn nazorat-kassa mashinalarini qo`llagan holda amalga oshirishga bosqichma-bosqich o`tkazilishi ko`zda tutilmoqda.

Respublikamizda ushbu yangi tizimni joriy etish orqali markazlashgan tarzda elektron ma`lumotlar bazasi yaratiladi. Natijada Davlat byudjetiga soliq tushumlari ko`payadi. To`lovlardan qasddan bo`yin tovlashning oldi olinadi.

Davlat soliq qo`mitasi tomonidan tizimda zamonaviy axborot-kommunikasiya texnologiyalarini keng qo`llash yuzasidan ham aniq chora-tadbirlar ko`rilmoqda. Masalan, davlat soliq xizmati organlarining my.soliq.uz — “Elektron soliq xizmatlari” portali test rejimida ishga tushirilgani aholi va tadbirkorlik sub`ektlariga ko`rsatiladigan elektron davlat xizmatlarini optimallashtirish, ularning sifatini oshirish, xarajatlarni kamaytirish, pirovardida soliq to`lovchilarning xizmatlardan qoniqish darajasini yuksaltirishga xizmat qiladi.

Yangi portal barcha elektron davlat xizmatlarini yagona veb-manbada qamrab olganligi bilan ahamiyatlidir. Ya`ni bugungi kunda unda davlat soliq xizmati organlarining 35 elektron davlat xizmatlari amaliyotga joriy etilgan. Bundan tashqari, 5 yangi xizmat test sinovida taqdim etilmoqda. Soliq to`lovchilarning toifasi va joylashgan joyidan qat`i nazar, xizmatlardan foydalanish imkoniyati yaratilgan.

2017 yilning 1 iyul holatiga ko`ra, o`tkazilgan monitoring natijalari O`zbekistonda “Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyati “Ochiqlik indeksi”ning Reytingi”da respublikamizdagi 52 ta davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari orasida Davlat soliq qo`mitasi 96 ball to`plagan holda, birinchi o`rinni egallaganligini ko`rsatdi. Pirovardida “ICTWEEK Uzbekistan — 2017” axborot-kommunikasiya texnologiyalari haftaligida “Axborot-kommunikasiya texnologiyalarini joriy etish bo`yicha eng yaxshi davlat organi” nominasiyasida g`olib, deb e`tirof etildi.

Tizimda amalga oshirilayotgan ana shunday chuqur islohotlar soliqqa tortish ko`rsatkichi bo`yicha mamlakatimiz reytingi sezilarli darajada yaxshilanishiga olib keldi.

    Boshqa yangiliklar